Rossiya: Kosovo hali-beri BMTga qo’shiladi deb o’ylamang


Serbiya Tashqi ishlar vaziri Vuk Yeremichning ta’kidlashicha, BMT sudi Kosovo mustaqilligini yoqlab chiqargan qaror dunyo bo’ylab bo’lginchi harakatlarga turtki beradi.

BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaatida Yeremich Kosovoni hali tan olmagan mamlakatlarni “bu yo’ldan bormang” deya da’vat etgan.

Xalqaro Sud o’z qarorini tushuntirar ekan, Kosovo mustaqillik deklaratsiyasi “xalqaro qonunlarga zidmi yoki yo’q” degan savolga javob izlaganini aytadi.

“Kosovo mustaqil bo’lishi kerakmidi?” - bu masalada sud neytral pozitsiyada. Uning Serbiyadan ajralishiga olib kelgan siyosiy faktorlar yuzasidan ham izoh berilmaydi.

Serbiya Tashqi ishlar vaziri Vuk Yeremich fikricha sud hukmining turlicha talqin qilinishi jahon bo’ylab xavfli jarayonlarni avj oldiradi.

“Bu ayniqsa ko’p elatli davlatlar uchun tahdid, chunki mayda etnik guruhlar Kosovoni namuna qilib, “o’z yurtimizga ega bo’lishni istaymiz” deb chiqishi mumkin”, - deydi vazir.

Serbiya Kosovoni hech qachon tan olmaydi, biroq barcha munozarali masalalarni dialog orqali hal qilishga bel bog’lagan.

Kosovo Tashqi ishlar vaziri Skender Husayni, o’z navbatida, BMTni sud qarorini inobatga olib, yangi rezolyutsiya qabul qilishga chaqirmoqda. Uning aytishicha, tashkilotning Kosovodagi vaqtinchalik missiyasiga endi hojat yo’q, mamlakat BMTga a’zo bo’lish harakatida.

Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi va Serbiyaning yaqin ittifoqchisi Rossiya nazarida bunday qarorlarga hali erta.

“Kosovo to’laqonli davlat sifatida tashkilotga hali-beri qo’shiladi deb o’ylamang”, - deydi Vitaliy Churkin, Rossiyaning BMTdagi elchisi.

Kosovoni hozircha 69 mamlakat, jumladan AQSh tan olgan. O’lka rasmiylari BMT qarori ketidan ular safi yanada kengayadi deya umid bog’lagan.

XS
SM
MD
LG