BMT: Liviya jiddiy inqirozda

  • Amerika Ovozi

Bing'ozida ahvol notinch. 2014-yil fervalda ikki politsiyachi o'ldirilganidan keyin olingan surat

Bing'ozida ahvol notinch. 2014-yil fervalda ikki politsiyachi o'ldirilganidan keyin olingan surat

Liviyaga oid yangi hisobotda mamlakat jiddiy inqirozda ekani aytiladi. BMT Inson huquqlari idorasi va BMTning Liviyadagi missiyasi chiqargan hisobot 2014-yilda o’lkada inson huquqlari ahvoliga bag’ishlanadi.

Hisobot Liviyada “arab bahori” bilan bog’liq so’nggi umidlarni puchga chiqaradi. Uni o’qir ekansiz, inqilob hech qanday demokratik o’zgarishlarga yetaklamadi, deya xulosa qilasiz. Hujjatda bir necha qurollangan guruh qonun emas, qurol ustuvorligini o’rnatgan mamlakat tasvirlanadi. Musibatga botgan bir davlat tasvirlanadi.

Hujjat mualliflarining aytishicha, 2011-yilda diktator Muammar Qaddafiy hokimiyatdan ag’darilganidan buyon Liviya eng dahshatli siyosiy tanazzulga yuz tutmoqda.

BMT Inson huquqlari idorasi rasmiysi Rupert Kolvil so’zlariga ko’ra, o’tgan yilda fuqarolar otilgan va havo hujumlariga uchragan. Tinch aholini o’ldirish, shu jumladan alohida odamlarni qatl etish amaliyoti keng tarqalgan.

“Bing’ozi da Dernada noyabr oyida bir necha kishining kallasi kesilgani tasvirlangan videolar bor. Kasalxona, maktab va aeroportlar hujumga uchragan, vayron qilingan yoki harbiy maqsadlarda ishlatiladi… Bolalar qattiq aziyat chekmoqda. Ko’plari maktabga borolmaydi, o’ldirilganlar bor, maktab va kasalxonada bo’lgan davrda jarohatlangan go’daklar ham kam emas,” - deydi BMT rasmiysi.

Hisobotda barcha qurollangan guruhlar tomonidan huquq doimiy toptalishi qayd etiladi. Bular jumlasiga ta’qib va tazyiq, qiynoqqa solish, o’g’irlash va qatl etish hollari kiradi. Inson huquqlari faollari, jurnalistlar, sudyalar va siyosiy arboblar birinchi navbatga nishonga olinmoqda.

BMT hisbotida, shuningdek, ayollar, ozchilik elatlar va misrlik nasroniylarga nisbatan zo’ravonlik hollari ko’p tasvirlanadi. Liviyadagi muhojirlar va boshpanasiz qolgan odamlar ahvoli ayniqsa og’ir. Minglab odamlar hibsga olingan, ko’plari qiynoqqa solinadi.

Hokimiyat uchun kurashayotgan ikki parlament va ikki hukumat o’zining yagona qonuniy kuch ekanini ta’kidlaydi. Aslida esa bir necha qurollangan guruh mamlakatda nazorat o’rnatgan va hech qanday jazoga uchramay inson huquqlarini poymol qilishda davom etmoqda.

BMTning hisobicha, mamlakatda boshpanasiz qolgan odamlar soni 2014-yil boshida qariyb 60 ming bo’lsa, noyabrda 400 mingga yetgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG