BMT vakili: Myanmada inson huquqlari buzilishda davom etyapti

  • Amerika Ovozi

Roxinja musulmonlari lageri

Roxinja musulmonlari lageri

Myanmadagi vaziyat bo'yicha BMT maxsus vakilining aytishicha, hukumat bu mamlakatda inson huquqlarini poymol qilishda davom etmoqda. BMT Inson huquqlari kengashiga topshirilgan hisobotga ko'ra, hukumat so'z erkinligini to'sib, diniy va etnik ozchilik guruhlarga nisbatan ayirmachilik siyosatini yuritmoqda.

"Myanmada demokratik maydon torayib bormoqda", - deydi BMT vakili Yangi Li. Unga ko'ra, yaqinda bo'lib o'tgan talabalar namoyishini bostirishda politsiya qo'llagan zo'ravonlik ham shundan dalolat beradi.

BMT hisobotida shimoli-sharqiy Shan shtatining Kokang viloyatida to'qnashuvlarning kuchaygani xavotir bilan tilga olinadi. Kachin viloyatida zo'ravonlik va inson huquqlarining buzilishi davom etayotgani ham keskin qoralangan.

Rakxayn shtatidagi musulmonlar ahvoli ham xarobligicha qolmoqda. 140 mingdan ortiq musulmon qochqin yashayotgan lagerlarda vaziyat o'ta abgor, deydi Li.

"Musulmon lagerlarida hech kim o'z ixtiyori bilan tashqariga chiqa olmaydi, - deydi BMT vakili. - Mobil klinikalar haftada bir-ikki marta keladi. Oziq-ovqat ham yetishmaydi. Bu yerda ko'plab bolalar tug'ilyapti va ularga xizmat ko'rsatish imkoniyati yo'q".

Yaqinda Myanma hukumati yuz minglab Roxinja musulmonlariga berilgan guvohnomalarning amal qilish muddati shu oy oxirida tugashi haqida ma'lum qildi. Musulmonlarning bir necha avloddan beri shu yerda tug'ilayotgan farzandlari ham Myanmada vaqtinchalik guvohnoma bilan yashaydi.

Shu yil oxirida mamlakatda parlament saylovlari bo'lib o'tadi. BMT kuzatuvchisi, shuningdek, muxolifat vakili An San Su Chining prezident bo'lishini taqiqlovchi Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritilishi lozim, dedi. Konstitutsiyaga ko'ra, farzandlari xorij fuqarosi bo'lgani uchun Su Chi saylovda qatnasha olmaydi.

Har kim erkin saylanish huquqiga ega bo'lishi kerak, deydi BMT vakili Yangi Li.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG