Breaking News

BMT Bosh kotibi: Pokistondagidek ayanchli manzarani boshqa hech bir yerda ko'rmaganman


Pokistonning toshqindan zarar ko’rgan hududlarini ko’zdan kechirgan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun “bunday ayanchli manzarani hech yerda ko’rmaganman”,- deydi.

Janubiy va markaziy viloyatlardagi ahvol bilan tanishgach, u Islomobodda Pokiston rahbariyati bilan uchrashgan.

BMT ham hukumat, ham xalqqa yordam berishda davom etadi, deydi Bosh kotib.

“Bugun ko’rganlarim butun umr ko’z oldimdan ketmasa kerak. Shu kungacha jahon bo’ylab juda ko’p azob-uqubat, fojia va ofatlarga guvoh bo’ldim. Lekin bunchalik dahshatli manzarani ko’rmagan edim. Bu juda katta ofat, ko’lami bag’oyat keng. Juda ko’p insonlar ko’makka muhtoj”,- deya so’zlaydi Pan Gi Mun.

BMT hisobicha sel va toshqinlar 20 million insonning hayotini yer bilan yakson qilgan. Pokistonning beshdan bir qismi vayrona.

“Minglab shahar va qishloqlar yuvilib ketgan. Yo’llar, ko’priklar, imoratlar, ekinzor va dalalar, millionlab xonadonlar… Ulardan bugun nom-nishon qolmagan. Jonini bir amallab saqlab qolgan insonlar bugun iflos suv ichib o’tiribdi. Ofat hali bu yerlarni tark etmagan. Yog’ingarchilik davom etmoqda. Ko’plab suv omborlari yorilib ketay deb turibdi”,- deya ogohlantiradi BMT Bosh kotibi.

Tashkilot har tomonlama yordam berishga harakat qilmoqda. Xalqaro hamjamiyat gumanitar ko’makni oshirishi kerak, deydi Pan Gi Mun.

“Misli ko’rilmagan ofat misli ko’rilmagan darajada yordam talab qiladi. Bu toshqinlarga qarshi global e’tibor va madad kerak”,- deydi Pan Gi Mun.

BMTga eng zarur talablarni qondirish uchun kelasi uch oyda 460 million dollar kerak bo’ladi. Hozirda tashkilot bu zaruriyatning 20 foizini yig’a olgan xolos.

Amerika 76 million dollar miqdorida yordam ko’rsatgan va bir necha harbiy vertolyotlar bilan ta’minlagan.

Pan Gi Mun bugun BMT yana 10 million dollar berayotganini va shu bilan jami 27 million dollar ajratilganini bildirdi. Bu hafta BMT Bosh Assambleyasi uchrashib, Pokistondagi vaziyatni muhokama qiladi.

Toshqinlar shu kungacha 1400 ga yaqin odamni hayotdan olib ketgan. Aholi hukumatni ularning hayotiga befarqlikda, loqaydlikda ayblamoqda.

Bugun janubdagi Sukkur degan tumanda toshqin jabrdiydalari, minglab kishilar, yordam so’rab namoyishga chiqib, katta yo’ldagi qatnovni to’xtatib qo’ygan.

Rasmiylar qo’lidan kelgan hamma chorani ko’rayotganini aytib, gumanitar yordam yetkazish uchun transport vositalari yetishmayotganini, tog’li hududlarda yo’llar xavfli ekanini eslatmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG