BMT Xavfsizlik Kengashi Suriya yuzasidan kelisha olmadi

  • Amerika Ovozi

Hims viloyatidagi namoyishlar... Bugun u yerda hukumat kuchlari 200 fuqaroni o'ldirgani haqida xabarlar bor.

Hims viloyatidagi namoyishlar... Bugun u yerda hukumat kuchlari 200 fuqaroni o'ldirgani haqida xabarlar bor.

Qo’shma Shtatlar va Yevropa zolim hukumatlarga qarshi birga harakat qilishi va inson huquqlari himoyasi yo’lida hamkorlikni oshirishi kerak, deydi Xillari Klinton.

AQSh Davlat kotibasi bu gaplarni aytayotgan paytda Suriyadan bugun qurolli kuchlar Hims viloyatida yana 200 fuqaroni o’ldirgani haqida ma’lumotlar kelmoqda.

Qo'zg'olon 2011-yilning mart oyida boshlangan va bugungacha davom etmoqda. Hukumatning unga qarshi ko'rgan harbiy choralari oqibatida shu kungacha 6000 halok bo'ldi.

Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti oliy organi Xavfsizlik Kengashi Suriyaga nisbatan qanday chora ko’rish masalasini muhokama qilmoqda. Bugun ovozga qo'yilgan rezolyutsiya loyihasi doimiy a'zolar AQSh, Britaniya va Fransiya tomonidan olqishlangan. Lekin Rossiya va Xitoy uni rad etgan.

Amerika, arab davlatlari va Yevropa diplomatlari Moskva va Pekin siyosatidan afsusda. Ularning befarqligi sabab Suriya hukumati shafqatsiz harakatlarini davom ettiradi va Xavfsizlik Kengashi qo'l qovushtirib o'tiraveradi, deydi Fransiya elchisi Jirard Arod.

BMT Xavfsizlik Kengashi, Nyu-York

BMT Xavfsizlik Kengashi, Nyu-York

Arab Ligasi va G’arb hamkorligida ishlab chiqilgan bu rezolyutsiya loyihasi Bashar al-Assaddan hokimiyatni tark etib, rahbarlikni muoviniga topshirishni, muxolifat ishtirokida muvaqqat boshqaruv tuzish va yangi prezident uchun saylov kuni belgilashni talab qiladi.

Suriyada hukumat xalq qonini to’kishda davom etar ekan, xalqaro hamjamiyat qo’l qovushtirib o’tira olmaydi, deydi Xillari Klinton.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov

Rossiya loyihaga ikki o’zgartirish kiritishni talab qilgan. Birinchisi, Suriyada muxolifat va hukumat tarafdorlari teng o’ringa qo’yilishi kerak. Ikkinchisi, mamlakatning ichki mojarosi hisoblangan bu jarayonlarga chet eldan hech kim aralashmasligi shart.

Bugun Lavrov va Klinton Myunxenda ushrashib, masala yuzasidan fikr almashgan. Tomonlar pozitsiyasi o'zgarmagan.

AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Rays fikricha Rossiya talablari "nomaqbul". Rays Rossiya va Xitoy qarshi ovoz bergani "jirkanch ish" deydi.

Germaniya, Fransiya va Britaniya diplomatlari ham shunday munosabat bildirgan.

Suriyaning BMTdagi elchisi Bashar Ja'afariy

Suriyaning BMTdagi elchisi Bashar Ja'afariy

Fransiya elchisi Jerard Arod deydiki: "Loyihaning yangilangan nusxasida Rossiya bilan murosa qilishga harakat qildik. Matn oddiy: Biz Arab Ligasi rejasini quvvatlaymiz. Gap tamom".

Aytish joiz, Rossiya Suriyani qurol bilan ta’minlab keladi. Kreml nazarida Bashar al-Assadga qarshi bosh ko’targan va tinch namoyish qilayotgan odamlar qurollangan jinoyatchi to’dalar tomonidan qo’llanmoqda. Hozir Suriyada kim do’st, kim dushman ekanini ajratish qiyin, deydi Rossiya diplomatlari.

Bashar al-Assad esa qozg’olonchilarning hammasini terrorist deb hisoblaydi.

Hims viloyati

Hims viloyati

Suriyada Inson Huquqlari Kuzatuvi degan tashkilot to’plagan ma’lumotlarga ko’ra, bugun Him shahrining Haldiya mahallasida, hukumatga qarshi namoyishlar o’chog’ida, tanklar va boshqa og’ir qurollar safarbar etilib, imoratlar vayron qilingan, yuzlab odamlar jarohatlangan.

Olingan suratlar va videolarda ko’chalar qonga belanganini ko’rasiz. Hudud urush maydonini eslatadi.

AQSh prezidenti Barak Obama Suriyadagi xunrezliklarni qoralab, Bashar al-Assad - o'z xalqining qotili, deydi.

BMT Xavfsizlik Kengashi Suriya yuzasidan kelisha olmadi

BMT Xavfsizlik Kengashi Suriya yuzasidan kelisha olmadi

"Suriya hukumati yuzlab fuqarolarni, jumladan bolalar va ayollarni o'ldirib, aholiga qarshi yoppasiga o't ochib, inson hayoti va qadr-qimmati uning uchun bir chaqaga ham arzimasligini qayta-qayta isbotlamoqda",- deyiladi Oq Uy chiqargan bayonotda.

Amerika rahbari fikricha Bashar al-Assad baribir hokimiyatdan ketadi, erkinlik va o'zgarish talabiga to'sqinlik qila olmaydi.

"Amerika Suriya xalqi tarafida. Xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqarib, bu mamlakatga yordam beradi. Bashar al-Assaddan keyin Suriya fuqarolari adolatli, teng huquqli va erkin jamiyat qura boshlaydi degan ishonch bor. Suriya xalqi bilsinki, biz siz bilanmiz. Bashar al-Assad tuzumi poyoniga yetsin".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG