Suriyada kimyoviy qurol ishlatilgani haqida da'volar

  • Amerika Ovozi

O'lganlarning kim ekani aniqlanmoqda. Faollar uzatgan suratlar, jurnalistlar u yerda yo'q.

O'lganlarning kim ekani aniqlanmoqda. Faollar uzatgan suratlar, jurnalistlar u yerda yo'q.

BMT Xavfsizlik Kengashi Suriyada aholiga qarshi zararli gaz ishlatilgani haqidagi iddaolarni tezda tekshirishga chaqirmoqda.

Suriya faollari 21-avgust kuni hukumat qo’shinlari poytaxt Damashqda tinch aholiga nisbatan kimyoviy qurol ishlatganini ta’kidladi. Natijada yuzlab odamlar nobud bo’lgan.
Ma’lumot tarqagach, qator davlatlar Xavfsizlik Kengashining favqulodda majlisini o’tkazish taklifi bilan chiqdi.

Majlis yopiq eshiklar ortida ikki soat davom etdi. So’ngra BMT rahbari muovini Jan Eliasson va Kengash prezidenti, Argentinadan elchi Mariya Kristina Perseval jurnalistlarga bayonotni o’qib berdi.

“Kengash a’zolari orasida ushbu iddaolar xususida jiddiy xavotirlar bor. Biz, shuningdek, nima yuz berganiga oydinlik kiritish kerak, deb hisoblaymiz. Vaziyatni yaqindan kuzatib borish kerak. Kengashning barcha a’zolari kimyoviy qurolning qaysi taraf va qanday sharoitda ishlatishidan qat’i nazar bunday qadam xalqaro huquqqa zid, deya baholanishida yakdil”, - dedi Perseval.

U, shuningdek, Kengash a’zolari Bosh kotib Pan Gi Munning “tezda puxta va betaraf taftish o’tkazish” da’vatini qo’llab-quvvatlashini bildirdi. Jabr ko'rganlarga tezkor gumanitar yordam ko’rsatish zarur, dedi u.

Chorshanba kuni amalga oshirilgani aytilayotgan hujum paytida BMT olimlari Suriyada kimyoviy qurol ishlatilgani haqda shu paytgacha bildirilgan iddaolarni o’rganayotgan edi.

Olimlarga uch joyni borib tekshirish ruxsat berilgan. Biri Halab viloyatidagi Xon al-Assal. Hukumat iddaolariga ko’ra, u yerda muxolifat qo’shinlari mart oyida kimyoviy qurol qo’llagan. Yana ikki joyning qayerda ekani noma’lum, ammo ular AQSh, Britaniya va Fransiya BMTga bergan ro’yxatdagi joylar bo’lishi mumkinligi aytilmoqda.

BMT olimlari faqat kimyoviy qurol ishlatilgani yoki ishlatilmaganini aniqlaydi, uni qaysi taraf qo’llaganini emas.

Eliassonning muxbirlarga bildirishicha, taftishni tezda boshlash zarur:

“Xulosalar qanday bo’lishidan qat’i nazar, so’nggi xabar vaziyatning yomon tarafga keskin o’zgarganidan dalolatdir. Gumanitar va insoniy ma’noda yomon tarafga. Taftish o’tkaza olishga umid qilamiz".

BMT mutaxassislari hozirda Damashqda va hukumat ularga hududni o’rganish imkonini beradi degan umidda.

BMTga a’zo davlatlardan 35 tasi Bosh kotib Pan Gi Munga so’nggi iddaolarni tezda taftish qilish talabi bilan maktub yo’llagan.

Pan Gi Mun deydiki, kimyoviy qurol qo’llash insoniyatga qarshi jinoyat hisoblanadi va jinoyatchilar javobgarlikka tortiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG