Turkiya Assadga qarshi, ammo ittifoqdosh Rossiyani ranjitmoqchi emas

  • Amerika Ovozi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (o'ngda) Kremlda Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'anni qabul qilmoqda, 18-iyul, 2012-yil;.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (o'ngda) Kremlda Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'anni qabul qilmoqda, 18-iyul, 2012-yil;.

Suriya poytaxti Damashqda jangarilar va hukumat kuchlari o’rtasida shiddatli janglar davom etar ekan, ayrim tahlilchilar mojaroda burilish yuz berayotganini ta’kidlamoqda. Ayniqsa kechagi xurujlarda mudofaa vaziri va Bashar al-Assadga yaqin yana ikki rasmiy halok bo’lgach.

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron BMT Xavfsizlik Kengashini Suriyaga qarshi sanksiyalarni o’z ichiga olgan dadil va aniq rezolyutsiya qabul qilishga chaqirmoqda. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ham kengashdan mas’uliyatliroq bo’lib, dadil harakat qilishni so’ramoqda.

“Suriya xalqi yetarlicha azob chekdi”, deydi bosh kotib.

Bugun ana shunday hujjat loyihasiga ovoz berildi. Rossiya va Xitoy veto qo’ydi.

Bu o’rtada Assad rejimining ashaddiy tanqidchilaridan biri, Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an Suriya ittifoqchisi, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Moskvada muzokara qildi.

Turkiya rasmiy Damashq siyosatini tanqid qilib kelar ekan, Rossiya, aksincha, Assad hukumatini qoralovchi BMT hujjatlarini o’tkazmasdan, uni qo’llab-quvvatlab kelmoqda.

"Turkiya pozitsiyasi shundan iboratki, Suriyada o’zgarishlar xalq xohishiga qarab bo’lsin. Assaddan keyingi mamlakat kelajagini ham xalq belgilasin, boshqalar emas", - dedi Erdog’an.

Suriya mojarosi unga qo’shni Turkiyaga ham ta’sir qilmoqda. Janglarning bir qismi chegara hududda kechmoqda. O’tgan oy Suriya turk samolyotini urib tushirgach, rasmiy Anqara chegaraga qo’shimcha harbiylarni safarbar etdi.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Saljuq Unalning aytishicha, Suriyaga kelganda har bir mamlakat o’ziga yarasha siyosat yuritmoqda.

"Xalqaro hamjamiyat bu masalada haligacha bahs qilmoqda, umumiy pozitsiya yo’q. Davlatlar avvalambor qon to’kilishlarining oldini olishga zo’r berishi kerak", - deydi rasmiy.

Uning aytishicha, BMTning Suriyadagi maxsus vakili Kofi Annan olg’a surgan reja ish bermayapti.

Tahlilchilar nazarida Turkiya bu masalada o’zini ehtiyotkorlik bilan tutmoqda. G‘arb Rossiya va Xitoyni BMT rezolyutsiyalariga veto qo’yganlikda keskin tanqid qilar ekan, Turkiya muhim savdo sheriklari bo’lgan bu ikki davlatni ranjitmoqchi emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG