BMT bosh kotibi Damashqdagi xurujlarni qoraladi

  • Amerika Ovozi

Saida Zaynab rayoni, Damashq, Suriya, 11-iyun, 2016-yil

Saida Zaynab rayoni, Damashq, Suriya, 11-iyun, 2016-yil

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun shanba kuni Suriyada sodir etilgan terror xurujlarini qoraladi.

Poytaxt Damashq tevaragidagi Saida Zaynab rayonida ikki bomba portlab, kamida 12 odam o'lgan. Ba'zi xabarlarga qaraganda esa qurbonlar soni 20 atrofida, ular orasida ayollar va bolalar ham bor. Xurujni "Islomiy davlat" jangari guruhi amalga oshirgani ma'lum.

BMT rahbari bayonotida aytilishicha, tinch aholini nishonga olganlar jazoga tortilishi lozim.

Saida Zaynab rayonida shialar uchun muqaddas ziyoratgohlar joylashgan. Suriya davlat televideniyesiga ko'ra, xurujlardan birini ziyoratgohga kirishda xudkush bombachi amalga oshirgan. Shundan so'ng mashinaga o'rnatilgan bomba portlagan.

Bu o'rtada Britanya matbuotining xabar berishicha, Suriya Prezidenti Bashar Assad britan qonunchilariga "Islomiy davlat" safida jang qilayotgan xorijiy jangarilar ro'yxatini bergan. Ular orasida Britaniyaning 25 fuqarosi ham bor. Ayrimlari Suriya armiyasi tomonidan yoki AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya havo hujumlarida o'ldirilgan.

Britaniyalik tahlilchi Entoni Glisning aytishicha, Assad hukumati bu bilan London ishonchini qozonmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG