Breaking News

Xalqaro hamjamiyat Liviya hukumatiga sanksiya qo’yib, bosimni oshiryapti


Tripoli, 26 fevral 2011
Tripoli, 26 fevral 2011

Urush maydoniga aylangan Liviyada guvohlarning aytishicha, poytaxt ko’chalarida qurollangan to’dalar izg’ib yuribdi, namoyishchilar havodan hamda tez yordam mashinalaridan nishonga olinmoqda.

Talofat ko’lamini yashirish uchun, hukumat o’likxonalarni bo’shatayotgani va kasalxonalarni qattiq nazorat qilayotgani aytiladi.

“Nyu-York Tayms” gazetasi ma’lumotiga qaraganda, Liviya qurolli kuchlari Tripolidagi markaziy maydonga olib boradigan yo’llarni to’sib qo’ygan. Hukumat tarafdorlariga, oddiy odamlarga qurol tarqatilmoqda.

Mamlakat rahbari Muammar Qaddafiy kechagi chiqishida yoshlarni “vatan himoyasiga” chorlagan edi.

Uning o’g’li, Sayf al-Islom Liviya hukumati taklifi bilan Tripoliga borgan bir guruh xorijiy jurnalistlar bilan uchrashgan. Mamlakatga sekin-asta tinchlik-osoyishtalik qaytmoqda, deydi u.

“Minglab odam o’lgani haqida xabarlar asossiz. Kelishmovchiliklarni hal etish uchun muxolifat bilan muzokara boshlanganmiz”, - deydi Sayf al-Islom.

Qaddafiy rejimini keng qamrovli sanksiyalar bilan jazolash, xususan qurol embargosi joriy etish masalasi ayni damda BMT Xavfsizlik Kengashida muhokama qilinyapti.

Rezolyutsiya loyihasida, shuningdek, Liviya rahbarini insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlik aybi bilan Xalqaro Jinoiy Sudga topshirish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, AQSh rahbari Barak Obama Muammar Qaddafiy, uning oila a’zolari va yuqori lavozimdagi rasmiylarning Amerikadagi hisob raqamlarini muzlatish, mol-mulkini musodara qilish to’g’risida qaror imzoladi.

Liviya sharqidagi aksar shaharlar namoyishchilar qo’liga o’tgan. Ikki million aholiga ega poytaxt shahar – Tripoliga yurish rejalanmoqda.

XS
SM
MD
LG