BMT inson huquqlari komissari O'zbekistonga tashrif buyuradi


BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn

BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husaynning O'zbekistonga tashrifi kutilmoqda. Safar O'zbekistonning yangi hokimiyati bilan inson huquqlari sohasida samarali hamkorlikni yo'lga qo'yishni maqsad qiladi.

Islom Karimov davrida bu aloqalar kuchli ziddiyatlar, BMT mutaxassislarining O'zbekistonga kirishiga taqiq qo'yilishi bilan kuzatilgan. Islohotlarni va'da qilayotgan yangi prezident BMT bilan inson huquqlari sohasida muhokamalarni qayta tiklamoqchi.

Zayd Raad al-Husayn boshliq delegatsiya tashrifi davomida rasmiylar, fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuvlar o'tkazilishi kutilmoqda.

Bu inson huquqlari bo'yicha oliy komissarning ilk tashrifi bo’ladi. BMT bilan rasmiy Toshkent aloqalaridagi eng ziddiyatli nuqta hozirgacha aynan inson huquqlari bo'lib kelgan.

O'zbekiston hukumati inson huquqlariga oid vaziyat to'g'risida BMTga davomli tarzda hisobot berib kelgan, ammo bir tomonlama bu hisobot asosan mamlakatda inson huquqlari a'lo darajada ta'minlanayotgani, qiynoqlar, tazyiqlar mavjud emasligidan iborat edi.

Karimov davrida BMTning huquq yuzasidan aksariyat tavsiyalari hukumat tomonidan inobatsiz qoldirilgan. Tashkilotning qiynoqlar bo'yicha vakiliga O'zbekistonga kirishga ruxsat berilmagan.

O'zbekistonning yangi hukumati esa BMT bilan inson huquqlari yuzasidan hamkorlikni rivojlantirish muhokamasiga tayyordek ko'rinadi.

Huquq himoyachisi Abdujalil Boymatovga ko'ra, hokimiyat almashishi barcha sohalarda, jumladan inson huquqlariga oid vaziyatni ham qayta ko'rib chiqishga imkoniyat berdi.

“Karimov vafotidan keyin barcha davlatlar, xalqaro tashkilotlar O'zbekiston bilan aloqalarini qayta ko'rib chiqmoda. Mana Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki ham O'zbekistonda o'z faoliyatini tiklamoqda. Andijon voqealaridan keyin O'zbekiston BMTning qora ro'yxatiga tushgan edi. Karimov o'ldi, Mirziyoyev islohotlar qilaman deb va'da berayapti. Ko'pchilikda katta umid uyg'ongan. Shaxsan men bu umidlarga unchalik qo'shilmayman, ammo bunday umidlarni qo'llab-quvvatlash BMT kabi xalqaro tashkilotlarning vazifasi”, - deydi u.

O'zbekistonda huquq himoyachilari hukumatga bir qator tashabbuslar, jumladan o'zaro muloqotni tiklash taklifi bilan ham chiqishdi. Hozircha hukumat tomonidan biror munosabat bildirilmagan bo'lsa-da, so'nggi paytda bir nechta siyosiy mahbuslarning ozodlikka chiqarilishi kutilayotgan o'zgarishlarga umidlarni saqlab qolgan.

Faollar BMT oliy komissari hukumatga aniq takliflar bilan chiqadi deb umid qilishmoqda.

“O'zbekiston va BMT o'rtasida hozirgacha Andijon voqealari, bolalar mehnati va qiynoqlarga oid vaziyat asosiy muammo bo'lib turgan edi. Bundan tashqari O'zbekistondagi zo'ravonlik, qashshoqlik, diniy ekstremizmni keltirib chiqaruvchi boshqa sabablar. Bu yo'nalishda asosiy ziddiyatlar bor edi va bu muammo hozir ham ikki o'rtada turibdi. Tashrif davomida bu masalalar muhokama qilinib, ijobiy o'zgarishlar tomon qadam qo'yilsa kerak, deb o'ylayman. Lekin ta'kidlash kerak, hozirgacha Shavkat Mirziyoyev qiynoqlar haqida hech narsa degani yo'q, BMT bilan inson huquqlari bo'yicha yo'lga qo'yilgan loyihalarning birortasi samarali natija bilan kuzatilmadi”, - deydi Boymatov.

BMT delegatsiyasi tashrifi 10-12 may kunlariga belgilangan. Avvalroq BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish O'zbekiston bilan hamkorlikning 25 yilligi munosabati bilan Mirziyoyevga maktub yo'llab, ushbu hamkorlik samarali davom etishiga umid bildirgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Fikringiz

XS
SM
MD
LG