Breaking News

Xotin-qizlar adolat izlab qayga borsin? BMT azaliy muammolarni eslatmoqda


Pokistonda jinsiy zo'ravonlikka uchragan, ammo adolat izlab qayga borishini bilmay yurgan ayollar
Pokistonda jinsiy zo'ravonlikka uchragan, ammo adolat izlab qayga borishini bilmay yurgan ayollar

O'tgan bir asr mobaynida ayollar hayotida ulkan o'zgarishlar ro'y berdi. Shunga qaramay, dunyo bo’ylab millionlab xotin-qizlar hamon tenglik va adolatdan bahramand bo’la olmayapti.

Shu yil boshida ishga tushgan va soddagina qilib BMT Ayollar agentligi deb nomlangan yangi organ yaqinda ilk hisobotini e’lon qildi.

Unda ta'kidlanishicha, so’nggi 100 yil davomida ayol va erkaklar o’rtasidagi tenglikni ta’minlash borasida nihoyatda jiddiy qadamlar tashlandi.

Xotin-qizlar adolat izlab qayga borsin? BMT azaliy muammolarni eslatmoqda
Xotin-qizlar adolat izlab qayga borsin? BMT azaliy muammolarni eslatmoqda

Masalan, 1911 yilda dunyoning bor-yo’g’i ikki mamlakatida ayollar saylovlarda ovoz bera olgan bo’lsa, bugunga kelib deyarli barcha mamlakatlarda xotin-qizlar saylovda bemalol qatnashish va hatto parlamentga saylanish huquqini ham qo’lga kiritdi.

BMT Ayollar agentligi rasmiysi Laura Turketning ta’kidlashicha, xotin-qizlar tengligi uchun kurash hamon davom etmoqda.

"Jiddiy o’zgarishlar ro’y berdi. Bugungi kunda ayol huquqlarini ta’minlovchi qonunlar serob, ammo ular amalda qanday qo’llanmoqda? Masala shunda".

“Dunyo ayollari progressi: adolat izlab” deb nomlangan hisobotga ko’ra, ham boy, ham kambag’al mamlakatlarda adliya tizimlari xotin-qizlar huquqlarini to’la ta’minlab bera olmayapti.

Bunga sabab esa – ayollar huquqlarini himoya qilish maqsadida tuzilgan idoralar o’z vazifasini to’la bajara olmayotgani, ba’zida esa ularning ayollarga nisbatan salbiy munosabatda ekanida.

Xo’sh, vaziyatni qanday o’zgartirish mumkin?

Xotin-qizlar adolat izlab qayga borsin? BMT azaliy muammolarni eslatmoqda
Xotin-qizlar adolat izlab qayga borsin? BMT azaliy muammolarni eslatmoqda

BMT Bosh kotibining ayollar masalalari bo’yicha muovini Lakshmi Puri fikricha, buning bir necha yo’li mavjud.

“Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida Puri birinchi navbatda hukumat idoralari vakilalari uchun ko’proq treyninglar tashkil etish zarurligini aytadi.

Bundan tashqari, deydi BMT rasmiysi, adliya tizimini tartibga solib, jabr ko'rgan ayol uchun sudga murojaat qilish yo’llarini soddalashtirish kerak.

Masalan, jinsiy tajovuzga uchragan ayol tajovuzkorini sudga beraman desa, juda murakkab, chalkash va uzoq jarayon bilan yuzlashadi. Ko’p hollarda u umid va ishonchni boy berib, sudga murojaat qilmaydi ham. Natijada jinoyatchi jazoga tortilmaydi.

BMT hisobotiga ko’ra, qonunlari ilg’or bo’lmish Yevropa mamlakatlarida 2009 yilda o’tkazilgan so’rov jinsiy tajovuzda ayblanganlarning 14 foizigina sudlanib, jazoga tortilganini ko’rsatgan.

Rivojlangan jamiyatlarda ham muammolar ko'p
Rivojlangan jamiyatlarda ham muammolar ko'p

Ba’zi mamlakatlarda esa bu ko’rsatkich bor-yo’g’i 5 foizni tashkil qilgan.

Gap adliya tizimini isloh qilishda, deydi Puri xonim.

"Shu sababdan biz adliya, huquqiy va tibbiy yordam bir joyda, shu maqsadda tashkil etilgan maxsus punktlarda ko’rsatilishini tavsiya qilamiz. Jarayon osonlashsin", - deydi u.

Janubiy Afrika Respublikasining Gauteng voliyatida bu masalada ancha muvaffaqiyatga erishilgan. Puri xonim tilga olgan maxsus punktlar sutkasiga 24 soat ochiq. Jinsiy tajovuzda ayblanganlarning 89 foizi sudga tortiladi.

BMT hisobotida, shuningdek, dunyo mamlakatlarining uchdan ikki qismida oilaviy zo’ravonlikka qarshi qonunlar mavjud ekani qayd etiladi.

Ammo, xotiniga jinsiy tajovuz qilish jinoyat hisoblanmaydi. Bunday hollarda er jinoiy javobgarlikka tortilmaydi, vaholanki bu ham jinsiy tajovuz hisoblanadi, deyiladi hisobotda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG