Obama: Hech kim shaxsiyati va e'tiqodi sabab nishonga olinmasligi kerak

  • Amerika Ovozi

Mahalliy matbuotning yozishicha, 23 yoshli Dia Barakat, uning rafiqasi, 21 yoshli Yusor Abu Salha va singlisi, 19 yoshli Razan Abu Salhaning dafn marosimiga minglab odamlar kelgan.

Mahalliy matbuotning yozishicha, 23 yoshli Dia Barakat, uning rafiqasi, 21 yoshli Yusor Abu Salha va singlisi, 19 yoshli Razan Abu Salhaning dafn marosimiga minglab odamlar kelgan.

Prezident Barak Obama uch kun oldin Shimoliy Karolina shtatida yuz bergan qotillik, uch musulmonni hayotdan olib ketgan jinoyatni vahshiylik va qabihlik deb atadi.

"AQShda hech kim shaxsiyati, ko'rinishi va e'tiqodiga qarab nishonga olinmasligi kerak", - deydi Obama.

Prezident va rafiqasi Mishel o'lganlarning oilasiga hamdard ekanini aytmoqda.

23 yoshli Dia Barakat, uning rafiqasi, 21 yoshli Yusor Abu Salha va singlisi, 19 yoshli Razan Abu Salhaning o'limida 46 yoshli qo'shnisi Kreyg Stiven Hiks ayblanmoqda. Hozirda Federal qidiruv byurosi ham tergov boshlagan.

Jamoatchilik orasida keng tarqalgan fikr shuki, Hiks arab talabalarni musulmonligi va "kelgindi" bo'lgani uchun o'ldirgan. Bu jinoyatni terrorizm deb baholayotganlar ham bor. Ular Amerika ommasi va hukumatini musulmonlar taqdiriga befarqlikda, ularning yoppasiga o'ldirilganini mudhish voqea sifatida ko'rmayotganlikda ayblaydi.

Marhumlar payshanba kuni Shimoliy Karolinada dafn etildi. Minglab odam motam marosimiga yig'ildi. Politsiya tergov davom etar ekan, xulosa qilishga shoshmang, deydi.

Talabalar va qo'shni anchadan beri mashina qo'yish uchun joy talashib kelgan. Marhumlarning yaqinlari ular aynan musulmon ekani uchun o'ldirildi deya Hiksni nafrat va adovatda qoralamoqda.

Shimoliy Karolina universiteti va uning atrofida yashovchi aholi voqeadan dahshatda. Oliygohda yuzlab musulmonlar bilim oladi va ishlaydi.

Dia Barakat va Razan Abu Salha bu universitetda tahsil olar, Yusor Abu Salha esa shu yilning kuzida o'qishni boshlash harakatida yurgan edi.

AQSh qonunlariga ko'ra, nafratga asoslangan jinoyat zaminida din, irq, millat, jins, jismoniy ojizlik yoki gomoseksuallarga qarshi munosabat yotadi.

2013-yilda mana shunday jinoyatlardan 6900 tasi sodir etilgan. 165 holatda musulmonlarga nisbatan salbiy munosabat jinoyatga turtki bergan.

Shimoliy Karolina shtati, 12-fevral, 2014

Shimoliy Karolina shtati, 12-fevral, 2014

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG