Din

Shimoliy Karolinada halok bo'lgan musulmonlar xotirlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Karolina universitetining uch yosh talabasi o’ldirib ketilgandan beri diniy nafratga asoslangan jinoyat mavzusi tez-tez muhokama etilmoqda. Qotillikda gumon qilinib qo’lga olingan shaxs hozir panjara ortida. Jinoyat diniy nafratga asoslanganmi yoki yo’qmi, bu haqda hali mahalliy politsiya ham, federal tergovchilar ham ma’lumot bergani yo’q.

Mussarut Jabin Dia, Yusor va Razanni yaxshi taniydi, ularga maktabda muallimlik qilgan.

“Yaxshilik qilishda, ehson qilishda ular bir-biridan qolishmasdi. O’z mahallalarida va hamma joyda boshqalarga yordam berish uchun qanaqa imkoniyat bo’lsa, hammasiga vaqt topishardi”, - deydi u.

Ular yordam missiyalari tarkibida xorijga borib kelishgan. Dia o’z yordam kampaniyasini ham tashkil qilgan edi.

“Mening ismim Dia Barakat. Stomotologiya talabasiman. Suriyadagi vaziyatni ko’rib, qanday yordam berishni bilmay umidsizlikka tushgan paytlaringiz bo’lganmi? Biz sizga yordam berish imkoniyatini taqdim etamiz”, - deydi Dia Barakat onlayn kampaniya uchun olingan videolardan birida.

Musulmon faollari yoshlarning e’tiqodi bois hujumga uchraganini ta’kidlab, huquq-tartibot organlaridan jinoyatni diniy adovat sifatida tekshirishni so’ramoqda.

"Matbuot bu ishni bizga qanday ta'riflayotganiga qaramay, bu nafratga asoslangan jinoyat. Qotil aynan shu ayblov asosida jazo olmaguncha, tinchimaymiz", - deydi qurbonlar xotirasiga bag’ishlab Vashingtonda o'tkazilgan tadbirda qatnashgan Maryam ismli faol.

Qurbon bo'lgan musulmonlardan Yusor va Razan opa-singil, uchinchisi Dia esa Yusorning turmush o'rtog'i edi.

Opa-singillarning otasi Muhammad Abu Salha ham qotillikning diniy adovatga asoslanganiga shubha qilmasligini aytadi.

“Advokatlar, huquqshunos professorlar bilan gaplashdim. Qaysi tomondan qaramang, adovat bo’lgani ko’rinib turibdi. Bu masala to’g’ri o’rganib chiqilmaguncha tinchimayman”, - deydi u.

Federal qidiruv byurosi qotillik o’rganib chiqilayotganini ma’lum qildi. Jinoyat adovat tufayli sodir etilgani isbotlansa, jazo kattaroq bo'lishi mumkin.

Yoshlarning ustozi Mussarut Jabinning aytishicha, Dia, Yusor va Razan qilgan xayrli ishlar kelajak avlod uchun namuna bo’lib qoladi.

“Bu bolalarning orzulari, umidlari ulkan edi. Boshqalarga berishni yaxshi ko’rishardi. E’tiborlari shunda edi: to’g’ri yo’ldan adashmaslikda. Qisqa hayotlari davomida ko’pchilik bir umr qila olmaydigan ishlarni amalga oshirishdi. Shunday odamlarga yanada ko’proq ehtiyojimiz bor. Endi mening oldimda qiyin bir vazifa, maqsad bor: ko’proq ana shunday Dia, Yusor va Razanlarni yetishtirishimiz kerak”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG