AQShda noqonuniy muhojirlarga oid bahs yana kuchaymoqda

  • Amerika Ovozi

Milliarder biznesmen va respublikachilardan prezidentlik uchun nomzod Donald Tramp noqonuniy muhojirlarning AQShda tug'ilgan farzandlariga fuqarolik bermaslik kerak, degan fikrda. U, shuningdek, Meksika va Qo'shma Shtatlar o'rtasida devor qurish tarafdori. Pyu tadqiqot markazi ma'lumotiga ko'ra, AQShda 11 million noqonuniy muhojir bo'lib, ularning yarmidan ko'pi Meksikadan. 25 foizdan ortig'i esa Lotin Amerikasining boshqa o'lkalaridan. Immigrant huquqlari himoyachilari o’z navbatida hujjatsiz muhojirlarning deportatsiya qilinishiga qarshi.

AQSh chegara va bojxona xodimlari nazoratni kuchaytirayotganiga qaramay, Meksikadan noqonuniy kirib kelishning yo'llari ko'p. Maya ismli muhojir 10 yil oldin Texasga shunday usulda kelgan.

"Hujjatim bo'lmagani uchun ko'p muammolarga duch kelishimni bilardim. Ayni paytda, hujjatimiz bo'lmagani bilan aksariyatimiz hayotda ko'p narsaga erishdik", - deydi u.

Maya Meksikadan AQShga noqonuniy o'tgan qallig'i ortidan kelgan. Hozir sakkiz yoshli qizlari bor. Merilendda tug'ilgan farzandi AQSh fuqarosi.

"Deportatsiya qilishlaridan yoki qamab qo'yishlaridan qo'rqaman", - deydi Maya.

Amerika immigratsiya islohoti federatsiyasi prezidenti Den Steynga ko'ra, noqonuniy muhojirlar haydalishi kerak.

"AQShga kelishni xohlaydigan yuz millionlab odam bor. Iqtisodiy ahvolini yaxshilash uchun bu yerga kelishni har kim o'z holicha hal qilmasligi kerak", - deydi u.

Ammo barchani yoppasiga quvish ahmoqona fikr, deydi Latino huquqlari guruhi vakili Jorj Eskobar.

"Ular qonuniy maqom olsa va shunga yo'l ochilsa, Amerika iqtiodiyoti uchun shu foydaliroq", - deydi u.

Munozaraga sabab bo'layotgan yana bir masala shuki, 32 shtatning 276 shahrida politsiya odamlardan qonuniy maqomi qanaqaligini so'rash huquqiga ega emas.

Steynga ko'ra, politsiya shubhali ko'ringan har qanday odamni so'roqqa tuta olishi kerak.

"Shtat va mahalliy joylarda bu politsiyaning kundalik yumushi bo'lishi kerak", - deydi u.

Ammo Eskobar politsiya haddidan oshishi mumkin deb hisoblaydi.

"Federal immigratsiya rasmiylari va mahalliy politsiya o'rtasida hamkorlik bo'lishi yaxshi emas", - deydi faol.

Ammo deyarli barcha immigratsiya tizimi isloh qilinishi kerak degan fikrda yakdil.

"Eshikni katta ochib, hammaning kirib kelishiga ruxsat bera olmasligingiz tabiiy. Turli jihatlarini e'tiborga olish kerak", - deydi Eskobar.

Steynda boshqacha taklif bor.

“Odamlar bu yerdan ketib, qonun bo’yicha vizaga qayta hujjat topshirishlari kerak”, - deydi u.

O’tgan yili Prezident Barak Obama hujjatsiz muhojirlarning taxminan yarmiga mamlakatda qolishga ruxsat beruvchi farmonga imzo chekdi. Ma’muriyat qaroridan norozi tomonlar buning ustidan sudga shikoyat qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG