Breaking News

UNESCO Falastinni a'zolikka qabul qilsa, AQSh yordami to'xtaydi


Falastin prezidenti Mahmud Abbos BMTda
Falastin prezidenti Mahmud Abbos BMTda

AQSh Davlat kotibi Xillari Klintonning aytishicha, BMTning fan, ta'lim va madaniy loyihalar bilan shug'ullanuvchi UNESCO Falastinni o'ziga to'liq a'zo sifatida qabul qilishga ovoz bersa, AQSh Kongressi agentlikka berilayotgan millionlab dollar pulni muzlatib qo'yishi mumkin.

Masala BMT Xavfsizlik Kengashida hal bo'lmaguncha, UNESCO Falastin uchun ovoz berishini oldindan bildirishi noto'g'ri, deydi Klinton.

"Bu juda ham g'alati holat. UNESCO dan o'ylab ish qilishni so'raymiz. Falastin davlati maqomi bilan BMT agentliklari emas, tashkilotning o'zi shug'ullanishi kerak", - deydi AQSh davlat kotibasi.

Kecha UNESCO ning boshqaruv kengashi Falastinni tashkilotga qabul qilishga ovoz berib, 193 a'zo-davlatni ham shunga da'vat etgan.

UNESCO byudjetining 22 foizi Qo'shma Shtatlarning puli bo'lib, Falastin unga a'zo sifatida qabul qilinsa, pul to'xtab qolishi mumkin. O'tgan asrning 80-yillarida BMT sionizmni irqchilikka tenglashtiruvchi rezolyutsiya qabul qilgach, Qo'shma Shtatlar UNESCO dan 1984-yilda salkam 20 yilga chiqqan edi.

Agentlik bosh idorasi Parijda joylashgan. Fransiya hukumati ham Falastin davlatchiligi maqomini UNESCO da emas, Xavfsizlik Kengashida hal qilish lozim, deydi.

Isroil bilan muzokaralar foyda bermagach, Falastin rahbarlari mustaqillikni BMT orqali olishga harakat qilmoqda. Falastin Jahon Savdo Tashkilotiga ham kirish jarayonini boshlamoqda. Yevropa Kengashi bilan esa shu hafta hamkor degan maqomni oldi.

Bugun Falastin prezidenti Mahmud Abbos Strasburgda Yevropa Kengashida so'zlab, qit'a davlatlaridan Falastinning BMTga a'zolik uchun taqdim etgan arizasini qo'llab-quvvatlashni so'ragan.

"Falastinliklar shunchaki Isroil istilosidan ozod bo'lishni istaydi, xolos", - deydi Abbos 47 davlat a'zo tashkilot minbaridan turib.

Yevropa Kengashi bilan hamkorlik maqomi Falastinga uning majlislarida ovoz berish huquqisiz ishtirok etish vakolatini beradi.

AQSh va Isroil Falastin tashabbusini qoralab, mustaqil davlatga erishishning yagona yo'li - Isroil bilan muzokara, deydi. Mahmud Abbos esa yahudiy davlati G'arbiy Sohil va Quddusda qurilishlarni to'xtatmas ekan, muzokaraga qaytmayniz, demoqda.

Yaqin kunlarda Falastin rahbari Lotin Amerikasida ham bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG