Suriya va Eron Bosh Assambleya sessiyasi kun tartibidagi asosiy mavzular


BMT Bosh Assambleyasi

BMT Bosh Assambleyasi

Dunyo rahbarlari BMT Bosh Assambleyasining yillik yig’inida ishtirok etish uchun seshanbadan Nyu-Yorkka kela boshlaydi. Suriyadagi vaziyatga doir munozaralar va Eron yangi prezidentining kutilayotgan ilk ma’ruzasi sessiyaning muhim voqealaridan bo’lishi aytilmoqda.

Davlat rahbarlari bu safar yangi zamonaviy majlislar zalida nutq so’zlaydi. Bosh Assambleyaning asosiy zali hozircha ta’mirlanmoqda.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning aytishicha, Suriya masalasi sessiya kun tartibining muhim mavzusi, chunki bu ayni damda dunyo uchun eng katta tinchlik, xavfsizlik va gumanitar muammo.

"Suriyada kimyoviy qurollarning ishga solingani hali muammoning hammasi emas. Suriya xalqining azob-uqubatlariga chek qo’yish kerak", - dedi bosh kotib.

Suriya bilan so’nggi oylarda shug’ullanib kelayotgan davlatlar sessiya tashqarisida alohida majlis qiladi. AQSh davlat kotibi Jon Kerri va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Suriya kimyoviy qurollarini yo’q qilishga qaratilgan bitim ijrosi xususida gaplashadi.

Bosh kotib Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi bo’lgan besh mamlakat tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashmoqchi, so’ng esa Lavrov, Kerri va BMTning Suriya bo’yicha maxsus vakili Laxdar Braximiy bilan ham alohida muloqot qiladi.

"Suriya tinchlik anjumanini uyushtirish xususida bir to’xtamga kelamiz degan umiddaman", - deydi Pan Gi Mun.

AQSh davlat kotibining yordamchisi Din Pitmanning aytishicha, Suriyada kimyoviy qurollarga barham bermay turib, fuqarolik urushini tugatish haqida gapirish mumkin emas.

Unga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Rossiya va Xitoyning Xavfsizlik Kengashida veto vakolatidan foydalanib, Suriyaga doir har bir rezolyutsiyaga qarshi chiqishayotganidan norozi. Biroq, deydi rasmiy, AQSh BMTning boshqa idoralari bilan hamkorlikda ko’p ishlarni uddaladi.

"Jahon oziq-ovqat dasturi tashkiloti orqali, boshqa davlatlar yordami va AQSh puli hisobiga to’rt million suriyalik, jumladan 1,3 million bolaga yordam ko’rsatildi. BMTning Xalqaro migratsiya tashkiloti suriyalik 1,5 million migrant va qochqinga ko’maklashdi. Inson huquqlari kengashi esa Suriyada sodir etilgan jinoyatlarni aniqlash uchun komissiya tuzib, ancha ishni uddalashga ulgurdi. AQSh hukumati ham shu maqsadda maxsus vakilni tayinladi", - deydi Davlat departamenti rasmiysi Din Pitman.

Sessiya ishtirokchilari Eron yangi prezidenti Hasan Ruhoniyning nutqini intizorlik bilan kutmoqda. U sobiq prezident Mahmud Ahmadinejoddan farqli o’laroq shu kungacha ma’ruzalarida hissiyotga berilmadi.

Ruhoniy Eron yadro dasturi bilan bog’liq G’arbning savollariga javob berishga so’z berib, u bilan munosabatlarni yaxshilash tarafdori ekanini aytib keladi.

Shu munosabat bilan AQSh va Eron prezidentlari Nyu-Yorkda norasmiy tarzda uchrashishi mumkinmi, degan savol ko’plarni qiziqtirmoqda.

Davlat departamenti so’zlovchisi Meri Xarfning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Eron prezidentining amaliy ishlariga qarab baho beradi.

"Biz boshidan buni aytib kelganmiz. Kamroq gapirib, ko’proq ish qiling, deb. Eron bilan bevosita muloqotga tayyormiz, agar ular shuni istasa. Biroq buning uchun yadro dasturiga doir takliflarimizga atroflicha javob olishni xohlaymiz", - deydi Amerika rasmiysi.

130 dan ziyod bosh vazir va prezidentlar yillik tadbirda global ahamiyatga ega boshqa mavzu va mojarolarni ham muhokama qiladi.

AQSh rasmiylariga ko’ra, Yaqin Sharqning boshqa mamlakatlari va Shimoliy Afrikadagi vaziyat muhokamasi ham sessiya kun tartibidan o’rin olgan.

Prezident Barak Obama Bosh Assambleyasi sessiyasining birinchi kuni, seshanbada ma’ruza qilishi kutilmoqda. Obama Nyu-Yorkda Nigeriya, Livan, Falastin va boshqa davlatlar prezidentlari bilan birga-bir muloqot qiladi.

Dushanba oqshom esa Obama barcha rahbarlarni mehmon qiladi. Sessiya 4-oktabrgacha davom etadi.
XS
SM
MD
LG