BMT Bosh Assambleyasining 70-yig'ilishida qanday mavzular ko'tariladi?

  • Amerika Ovozi

Har yilning sentabr oyida Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi majlisi o'tkaziladi. Bu yilgisi 70-si. Unda 150 dan ziyod prezident va bosh vazirlarning ishtiroki kutilmoqda. Odatda notiqlar global muammolar bilan bir qatorda o'z mamlakati, mintaqasi manfaatlariga javob beruvchi masalalarni ham ko'taradi.

AQShga tashrif buyurgan Rim Papasi Fransisk ham bu hafta BMTda bo'ladi. U 25-sentabr kuni qashshoqlikka qarshi o'tkazilayotgan sammitda qatnashadi, BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan uchrashadi.

“Papa bilan qashshoqlikni yo'qotish, migratsiya, qochqinlar taqdiri, iqlim o'zgarishi haqida oldingi uchrashuvlarimizda gaplashganmiz", - deydi bosh kotib.

Bu ikki arbobning to'rtinchi uchrashuvi bo'ladi. Papa Bosh Assambleya minbaridan ham so'zlaydi.

“Eng qizig'i, papa qochqinlar va iqlim o'zgarishi masalalarida ma'naviy tomondan global miqyosda fikr bildiruvchi arbob sifatida sahnaga chiqdi. Uning dunyodagi ahvol bo'yicha gaplari diqqat bilan kuzatiladi", - deydi diplomatik masalalar bo'yicha maslahatchi Karne Ross.

Dunyo rahbarlari ham turli muammolarni ko'tarib chiqadi.

“Eron yadro dasturiga doir erishilgan xalqaro bitim xususida ko'p ijobiy gaplar bo'ladi, biroq Yevropadagi gumanitar inqiroz, "Islomiy davlat" guruhining Yaqin Sharqda kuchayayotgani bu yutuqqa soya solishi mumkin", - deydi Kolumbiya universitetidan ekspert Richard Govan.

30-sentabr kuni Yevropada qochqinlar bilan bog'liq inqiroz bo'yicha yuqori darajali majlis o'tkaziladi. Bosh kotib davlatlarni bu ishga samarali va hamkorlikda yondashishga safarbar etishga umid qilmoqda.

BMT Bosh Assambleyasida so'nggi 10 yilda ilk bor Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham so'zlaydi. Rossiyaning Suriya hukumatiga harbiy yordamni oshirishi Vashingtonni bezovta qilmoqda, ammo Putindan Suriya mojarosini hal etishda yangicha yondashuv, strategiya kutilyapti va bu siyosat sammitda e'lon qilinishi mumkin.

“AQSh va Yevropaning Assad bo'yicha siyosati unga yordamini davom ettirayotgan Moskvanikidan keskin farq qiladi. Bu masala yuzasidan diplomatik yechim o'rniga, diplomatik inqiroz yuzaga kelishi mumkin, deb o'ylayman", - deydi Richard Govan.

Terrorizmga qarshi kurashga bag'ishlangan majlisda Prezident Obama ham qatnashadi.

“Prezident zo'ravon ekstremizmga qarshi kurash yo'llari, koalitsiyaning shu kungacha erishgan yutuqlari, chala qolgan ishlar haqida gaplashadi", - deydi AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG