BMT sammitida Suriya va qochoqlar asosiy mavzu

  • Amerika Ovozi

Kelasi hafta dunyo yetakchilari Nyu-Yorkda BMTning yillik anjumaniga yig'ilmoqda. Unda Suriya mojarosi va qochqinlar muammosi asosiy muhokama mavzulari bo'ladi.

Xalqaro hamjamiyat Suriya urushining qo'shnilarga yoyilishidan xavotirda. Ayniqsa, millionlab qochqinning qo'shni davlatlar va Yevropaga kirib borishi kutilmagan muammolarni keltirib chiqardi. Anjumanda shu masalaga alohida e'tibor qaratiladi.

"Ko'proq davlatlar uylaridan quvib chiqarilgan odamlarni joylashtirishga yordam berishi kerak. Ko'proq mamlakatlar migratsiyaning foydalarini anglashi kerak. Har bir odam, har bir joyda migrantlar va qochoqlar yuzlashib turgan nafratga qarshi chiqishi kerak", - dedi BMT Bosh kotibi Pan Gi-Mun.

Sammitning ikkinchi kunini Prezident Barak Obama boshqaradi.

"Anjumandan jiddiy natijalar qo'lga kiritilishiga ishonamiz. Gumanitar yordam, qochoqlar dasturlarini kengaytirish masalalari ko'rib chiqiladi", - deydi AQSh Davlat kotibi yordamchisi Sheba Kroker.

Ammo vatanidan ayrilgan besh million suriyalik qochqin ahvolini yaxshilaydigan jiddiy qarorlar qabul qilinishidan umid kam.

"Suriya inqirozini faqat siyosiy kelishuv bilan hal qilish mumkin. Bosh assambleyada shu haqda gap bo'lishi aniq. Lekin Vladimir Putin Nyu-Yorkka kelmayapti. Usiz Suriya haqida jiddiy muzokara bo'lmaydi", - deydi Kolumbiya universiteti tadqiqotchisi Richard Govan.

Shu oy AQSh va Rossiya Suriyada muvaqqat sulh tuzishga kelishib oldi. Ikki davlat "Islomiy davlat" kabi terror guruhlariga qarshi kurashda ham hamkorlik qiladi. BMT doirasida ham bu mavzular muhokamaga qo'yiladi.

Xavfsizlik kengashi o'z navbatida Suriya inqirozi bo'yicha yuqori darajali yig'in o'tkazadi.

"Haqiqat shuki, Suriya bo'yicha qarorlar Vashington, Moskva va Tehronda beriladi, Xavfsizlik kengashida emas", - deydi Govan.

Haftaning keyingi kunlari dunyo liderlari BMT minbaridan nutq so'zlaydi.

Vladimir Putin, Si Zinpin va Angela Merkel kabi yetakchilar bu safar anjumanga kelmaydi. AQSh rahbari Obama xalqaro anjumandagi so'nggi nutqini o'qiydi.

Pan Gi-Mun uchun ham bu Bosh kotib sifatida oxirgi chiqish. Uning 10 yillik faoliyati 31-dekabrda nihoyasiga yetadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG