Qochqinlar soni dunyo bo'ylab rekord darajada

  • Amerika Ovozi

Liberiyadagi qochoqlar lageri, 25-may, 2011-yil.

Liberiyadagi qochoqlar lageri, 25-may, 2011-yil.

BMTning Qochqinlar bo’yicha agentligi ma’lumotiga ko’ra, 2011-yilda nizolar oqibatida 800 ming odam o’z vatanini tark etishga majbur bo’lgan. Agentlik hisobotida keltirilishicha, asr boshidan beri eng ko’p qochqin o’tgan yili paydo bo’ldi. Hujjat 20-iyun – Xalqaro qochqinlar kuni munosabati bilan e’lon qilinmoqda.

BMTning Qochqinlar bo’yicha Oliy komissari Antonio Guterresga ko’ra, 2011-yil oxirida dunyo bo’ylab qochqin, ichki qochqin va siyosiy boshpana izlovchilar soni 42,5 milion kishini tashkil etgan. 2010-yil Kot-Divuar Respublikasida boshlangan mojaro oqibatida qochoqqa aylangan insonlar taqdiri hisobotga birinchi marta kiritilmoqda.

Tunis, Liviya, Misr va Suriyada ro’y bergan g’alayonlar bu toifa vakillarining ko’payishiga hissa qo’shgan. Shuningdek, Somali yuz tutgan qurg’oqchilik ham 12 million odamning o’zi yashab turgan joyidan ko’chishiga sabab bo’ldi.

Antonio Guterresning aytishicha, ushbu g’alayon va ofatlar oqibatida aziyat chekkan insonlar soni haddan tashqari ko’p. Afsuski, 2012-yil ham u qadar yaxshi bo’lishiga ko’zim yetmayapti, deydi u.

“Ish boshlaganimdan beri bu qadar yirik inqirozlarning bir paytda ro’y berganini eslolmayman. Suriya, Sudan va Malida buning guvohi bo’lyapmiz. Allaqachon Suriyadan 90 ming, Sudandan Janubiy Sudan va Efiopiyaga 190 ming hamda Malidan Mavritaniya, Niger va Burkino-Faso mamlakatlariga 160 ming odam ko’chib o’tgan”, - deydi Guterres.

BMT hisobotiga ko’ra, qochoqlar masalasida so’nggi o’n yilda xavotirlanarli o’zgarishlar yuz bermoqda. Insonlarning majburan ko’chirilishi shulardan biri bo’lib, u global miqyosda katta miqdordagi odamlarni qamraydi. Ikkinchi holat shuki, qochoqqa aylangan insonlar uzoq yillar shu maqomda qolib ketyapti.

Hisobotda keltirilishicha, BMTning Qochqinlar bo’yicha agentligi himoyasidagi 10 milliondan ortiq odamning qariyb to’rtdan uch qismi kamida besh yil sargardonlikda yurgan.

Oliy komissar Guterresning aytishicha, rivojlangan o’lkalardagi tushunchadan farqli o’laroq, dunyo qochqinlarining 80 foizi rivojlanayotgan o’lkalarda yashayapti.

BMT rasmiysiga ko’ra, yuz minglab qochqinlarning mavjudligi ushbu qashshoq o’lkalar iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.

“Qochoqlarning ortiqcha yuk bo’layotgani haqida gapirishni istamagan bo’lardim. Chunki davlatlar o’z chegaralarini, shaharlari eshiklarini, ba’zan yuraklarini ochib, yordamga muhtoj odamlarni do’stona kutib olmoqda. Ammo iqtisodiy tomondan nochor davlatlar uchun buning salbiy ta’siri katta bo’lishini unutmasligimiz kerak. Buning asoratini yumshatish uchun rivojlangan o’lkalar nafaqat iqtisodiy hamkorlikni, balki qochqinlarni qabul qilishda ko’proq imkoniyatlarni taklif etishi lozim”, - deydi BMT vakili.

Guterresning ta’kidlashicha, faqat 60 ming qochqin sanoati rivojlangan o’lkalarda boshpana topgan. Aksariyatini AQSh, Kanada va Avstraliya qabul qilgan.

Hisobotda aytilishicha, eng ko’p odam Afg’onistondan qochmoqda. Hozir xorijda 2,7 million afg’on qochqini mavjud. Keyingi o’rinlarni Iroq, Somali, Sudan va Kongo Demokratik Respublikasi egallaydi.

Hisobot, shuningdek, dunyoda fuqaroligi yo’q 12 million insonning borligini qayd etadi. Ular fuqarolarga beriladigan asosiy huquq va himoyadan mahrum.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG