Urush-mojarolar sabab 24 million bola maktabga qatnamayapti

  • Amerika Ovozi

Jahonda qariyb 24 million bola urush va mojarolar tufayli maktabga qatnamayapti. BMTning Bolalar jamg'armasi YUNISEF (UNICEF) so'nggi raqamlarni e'lon qildi. O'qish-yozishni o'rganish imkoniyatidan mahrum bolalarning katta qismi Afrikada yashaydi. Ro'yxatda Afg'oniston va Suriya ham bor.

YUNISEF jami 22 mamlakatdagi ahvolni o'rgandi. Tashkilot xodimi Liza Bender xulosalar bilan bo'lishar ekan, qonli mojarolar ta'siri uzoq davom etayotgani, dunyo bo'ylab tobora ko'proq bolalar maktabdan qolayotganini aytadi.

Hisobotga ko'ra, bugungi kunda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo'lgan 109 million bolaning chorak qismi, boshlang'ich va o'rta maktab o'quvchilari, urush ketayotgan mamlakatlarda yashamoqda.

"6 va 15 yosh oralig'i bola hayotidagi eng muhim davr", - deydi YUNISEF xodimi.

Ta'lim tizimi ishdan chiqqan mamlakatlar ro'yxatida birinchi bo'lib Afrikaning eng yangi davlati Janubiy Sudan turibdi. Keyingi o'rinlarda Niger, Sudan va Afg'oniston.

"Janubiy Sudanda bolalarning yarmidan ko'pi maktabga qatnamaydi. Nigerda bu ko'rsatkich 47 foiz, Sudanda 41 foiz, Afg'onistonda esa 40 foiz", - deydi Bender.

Fuqarolar urushi to'rt million odamni uy-joyidan ayirgan Suriyada ikki million bola ta'limdan mahrum. Aksar maktablar vayron yoki harbiy istehkomlarga aylantirilgan.

"Millionlab suriyaliklar qo'shni mamlakatlarda yashayapti. Yevropada qo'nim topgan oilalarning farzandlari qanchalik bilim olish imkoniyatiga ega, bilmaymiz, chunki aniq raqamlar yo'q".

Yosh avlod kelajagi, Suriya kabi davlatlarning ertangi kuni mavhum.

"O'qishni-yozishni o'rganmagan bolalar ertaga qanday qilib ish topadi, hayotda qanday o'rnini topadi? Afg'onistonni oling. Kichik qishloqlarda bolalar ota-onasi nomidan savdolashadi, bozorda nima deyishni biladi. Har kungi hayotda kerakli ko'nikmalar, ertaga muallim-u shikofor bo'lish uchun zarur bilimlar - hammasi ta'limga bog'liq" - deydi Bender.

"Mojaro zonalarida ko'plab maktablar yer bilan yakson qilingan yoki yaroqsiz ahvolda. Yo'llar minalashtirilgan. Binolarda qurolli guruhlar o'rnashib olgan. Maktabga boradigan bolalarning hayoti ham xavf ostida".

YUNISEF donor davlatlarni ta'limga e'tiborni oshirishga chaqiryapti.

"Tinchlik qaytganidan so'ng hammasi joy-joyiga tushadi degan yondashuvdan voz kechib, ta'limni birinchi o'ringa qo'yish lozim", - deydi YUNISEF mutaxassisi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG