Shinjonda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan

  • Amerika Ovozi

Urumchida uyg'urlar va xitoylar o'rtasida kechgan qonli to'qnashuvlarning bir yilligi xotirlanar ekan, hukumat zo'ravonliklarning takrorlanmasligini ta'minlashga harakat qilmoqda.

Bugun Urumchida uyg'urlar va xitoylar o'rtasida qonli etnik to'qnashuvlarning bir yilligi xotirlanar ekan, Xitoy hukumati Shinjon-uyg'ur muxtor viloyatida xavfsizlik kuchlarini shay holatga keltirgan.

O'tgan yili Guanchjoudagi fabrikada ikki uyg'ur ishchisi o'ldirilgach, Urumchida minglab uyg'urlar zo'ravonlik va nohaqliklarga qarshi namoyish qilgan edi. Natijada xitoylar bilan to'qnashib, rasmiy manbalarga ko'ra, 197 kishi o'lgan edi. Ammo faollar o'lgan uyg'urlar soni bundan bir necha baravar ko'p ekanini, hukumat kuchlari ham ularga tajovuz qilganini aytadi.

Xitoy hukumati voqealar takrorlanishining oldini olish uchun Shinjon shaharlarida xavfsizlik choralarini kuchaytirgan. So'nggi bir yil ichida hudud xavfsizligiga doir byudjet ikki karra ko'paygan. Viloyat bo'ylab 40 mingga yaqin kamera va 5 ming politsiyachi vaziyatni nazorat qiladi.

Uyg'urlar xorijiy muxbirlar bilan muloqot qilishdan cho'chiydi. Intervyu berganda ham hukumatni tanqid qilmaslikka, muammolarni ko'tarib chiqmaslikka harakat qiladi.

Uyg'ur ziyolisi va tadbirkorlik bo'yicha konsultant Ilhom To'xtining aytishicha, ikki xalq bir joyda yashar ekan, o'zaro til topisha bilishi kerak.

Uning nazarida mahalliy aholi turmush tarzi va madaniyatini, mintaqani yaxshi anglamaydigan rasmiylar chetdan turib qarorlar qabul qilishi uyg'urlar va xitoylar o'rtasida ziddiyatlarga yetaklovchi omillardan.

Rasmiy Pekin mintaqani rivojlantirish va zamonaviylashtirishni maqsad qilgan, natijada keng imkoniyatlar ilinjida Shinjonga millionlab xitoylar ko'chib kelgan. Uyg'urlar esa o'z yerida ozchilikka aylangan, ular orasida ishsizlik ko'lami keng, turli xil kamsitishlardan nolishadi. Hukumat buni rad etar ekan, uyg'urlarga keng imkoniyatlar yaratilganini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG