AQSh konstitutsiyasi va jamiyatini o'zgartirgan tamoyil

  • Amerika Ovozi

Avraam Linkoln Amerikani 1861-1865 yillarda boshqargan, fuqaro urushi davrida. U mamlakatni parchalanib ketishdan saqlab qolgan.

Avraam Linkoln Amerikani 1861-1865 yillarda boshqargan, fuqaro urushi davrida. U mamlakatni parchalanib ketishdan saqlab qolgan.

AQSh va Kanadada fevral oyi qora tanlilar tarixiga bag’ishlanadi. Maqsad – tarixni sarhisob qilish, yoshlarga jamiyat asoslari haqida saboq berish.

AQSh konstitutsiyaga kiritilgan 13-o’zgartirish qullik va quldorlikni bekor qilib, qora tanlilarga erkinlik bergan. Nyu-Yorkdagi azim dargohlardan birida prezident Avraam Linkoln imzo chekkan mana shu hujjat ayni damda namoyishda.

Nyu-York Tarixiy Jamiyati eshigi maktab o’quvchilariga hamisha ochiq, ayniqsa shu kunlarda. Irqchilik tarixi, Amerika o’tmishidagi qora kunlar. Yosh avlod 1865-yilning 6-dekabrida imzolangan hujjat haqida bilishi - farz.

Bu AQSh konstitusiyasiga kiritilgan 13-o’zgartitish. Hujjatning aslida 14 ta nusxasi mavjud bo’lib, bari prezident Avraam Linkoln tomonidan imzolangan.

AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan 13-o'zgartirish qora tanlilarga erkinlik bergan

AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan 13-o'zgartirish qora tanlilarga erkinlik bergan

"Hujjat Vakillar Palatasi va Senat tasdig’idan o’tgach, prezident unga qo’l qo’ygan. AQSh rahbaridan konstitutsion o’zgartirishlarni imzolash talab qilinmaydi. Shunga qaramay, Linkoln bir nechta nusxaga imzo chekkan. 13-o’zgartirish katta ahamiyatga ega. Jamiyatimiz uchun ulkan yutuq. Shu bois bolalar bu haqda bilishi kerak”, - deydi tarixchi Devid Rubinsteyn.

Muzeyga kelgan o’quvchilar hujjat ahamiyatini tushunishini aytadi. Tenglik uchun zamin yaratgan, deydi ular.

”Agarda bu hujjat bo’lmaganida, hozirgidek imkoniyatlar bo’lmas edi Amerikada, hech birimizda”, - deydi Naya Rojers ismli o'quvchi.

“Bu hujjat qabul qilinmay, qullik va quldorlikka qarshi kurashilmaganida, qora tanli ameriklaliklar teng huquqli fuqarolar deb tan olinmaganida, jamiyatimizda adolat qaror topmagan bo’lardi”, - unga qo'shiladi yana biri.

Amerika Tarixi Instituti rahbari Jeyms Basker fikricha, yoshlar tarixiy faktlarni nafaqat bilishi, balki ularning mag’zini chaqa olishi, tahlil qila olishi kerak.

“Nazarimda, qo’l bilan yozilgan va imzolangan hujjatning asl nusxasini ko’rish, Amerika fuqarolar urushida 620 ming odam halok bo’lganini bilish va buning natijasida qullik bekor qilinganini tushunib yetish – har bir yosh amerikalik uchun burch. Ushbu ko’rgazma bolalarda tarixga qiziqish uyg’otadi. Shu narsa juda muhim”.

Sakkizinchi sinf o’quvchisi Adam Neto fikricha, ”13-o’zgartirish Amerikada erkinlik uchun yo’l ochgan. Unda hamma teng huquqli fuqaro deb tan olingan”.

Tenglik uchun kurash uzoq va mashaqqatli kechgan. Birgina o’zgartirish bilan Amerika erkin bo’lib qolmagan. Lekin konstitutsiya bu harakatni boshlab bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG