Breaking News

Saylov-2016: Tashqi siyosat asosiy mavzulardan biri


Xillari Klinton - demokratlar partiyasidan asosiy va hozircha yagona da'vogar
Xillari Klinton - demokratlar partiyasidan asosiy va hozircha yagona da'vogar

AQShda 2016-yilda bo’ladigan prezident saylovlarida tashqi siyosat asosiy mavzulardan biri bo’lishi kutilmoqda. Saylovchilar orasida o’tkazilgan so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklar bugun “Islomiy davlat” terror tizimi va Eron yadro dasturidan qattiq xavotirda.

12-aprel kuni Xillari Klinton saylov poygasiga rasman qo’shildi. U Demokratlar partiyasidan asosiy va hozircha yagona nomzod.

Floridadan respublikachi senator Marko Rubio nomzodini 13-aprel kuni e’lon qildi. Undan oldin poygaga kirishgan partiyadoshlari, Kentukidan senator Rend Pol va Texasdan Ted Kruz tashqi siyosatga alohida urg’u berdi.

Rend Polning boshqa respublikachi nomzodlardan farqi bor. U AQShning xorijdagi urushlarga aralashuvini ijobiy baholamaydi, boshqa davlatlarga yordam ko’rsatishga ham qarshi.

“Men milliy mudofaasi hammadan ustun, doim g’alaba qozonadigan va xorijiy mamlakatlarda davlatchilikni qurishga vaqtini sarflamaydigan Amerikaga ishonaman,” - dedi Pol.

Ilgari Eron bilan muzokara olib borish kerak degan Pol endi Obama ma’muriyati Tehron bilan kelishgan har qanday bitim Eron yadroviy umidlariga chek qo’yish kerakligini ta’kidlamoqda.

Konservativ qarashga ega respublikachilarning ayrimlari Rend Pol taklif etayotgan tashqi siyosatdan norozi. Uning yondashuvini tanqid qiluvchi siyosiy reklama ham paydo bo’ldi.

Texasdan senator Ted Kruz Prezident Barak Obama tashqi siyosatini keskin tanqid qilib keladi. U “Islomiy davlat” guruhiga nisbatan va Eron yadro dasturi masalasida qattiqqo’l siyosat tarafdori.

"Konstitutsiyani hurmat qiladigan va Eronga atom bombasini yaratish imkonini bermaydigan prezident bo’laman,” - deydi Kruz.

Oliy lavozimga da’vogar respublikachilar hali ko’p. Ular orasida AQShning BMTdagi sobiq elchisi Jon Bolton ham bor. Bir yil ichida tashqi siyosat asosiy masalaga aylandi, deydi sobiq diplomat.

“O’tgan yil noyabr oyida bo’lib o’tgan Kongress saylovlarida bu ayon bo’ldi. 2016-yilda esa tashqi siyosat bundan-da kattaroq ahamiyat kasb etishiga ishonchim komil,” - deydi Bolton.

Tashqi siyosat konservativ qarashlarga ega faollar uchun ham ahamiyatli mavzu.

Skotti Nell Xyuz Respublikachilar partiyasining “Choychilar” harakatidan.

“Dunyoning to’rt mintaqasida katta alanga avj olish arafasida. Uchqun bo’lsa bo’ldi. O’t qo’yilganida bosh qo’mondon lavozimida uni to’xtata oladigan shaxs bo’ladi deb umid qilamiz”.

Sotsiolog Piter Braun esa saylov paytida ovoz beruvchilar asosiy e’tiborni iqtisodga qaratadi, deydi.

“Iqtisod doim eng muhim mavzu bo’ladi. Undan boshqa muammo yo’q. Albatta, tashqi siyosat atrofida xavotirlar bor. Iqtisodiy ahvol yaxshilanar ekan, xavotirlar ham kamayadi. Biroq bu baribir asosiy masalaligicha qoladi”.

Sobiq davlat kotibi Xillari Klinton prezidentlikka nomzodini e’lon qilganidan keyin demokratlar tashqi siyosat bobida undan-da kuchliroq nomzod bo’lishi mumkin emas, demoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG