Breaking News

Yana bir Bush prezidentlikni ko'zlamoqda


Jeb Bush
Jeb Bush

Florida shtati sobiq gubernatori Jeb Bush 2016-yilda prezidentlikka saylanishga harakat qilishi mumkin. O’zining “Facebook” va “Twitter” tarmoqlaridagi sahifasi orqali u shunday niyati borligini bildirdi. Jeb Bush Amerikani 1989-93 yillarda boshqargan Jorj Bushning o'g'li hamda 2001-2009 yillar orasida prezidentlik qilgan Jorj Bushning ukasi.

O’z niyatini e’lon qilgan Jeb Bush oila a’zolari bilan bu masalani o’tgan oyda, Shukronalik kunida muhokama qilganini aytdi. Kelasi oylarda prezidentlik poygasida qatnashish bo’yicha aniq qarorimni beraman, dedi u.

Bushlar sulosasi vakilining Respublikachilar partiyasi safida tarafdorlari ko’p. Demak, g’alaba qozonish imkoniyati bor. Ayni paytda bosh lavozimga da’vogarlik qilayotgan partiyadoshlari soni oz emas.

Yaqinda Mayami televideniyesiga bergan intervyusida Jeb Bush shunday dedi:

“Men o’sha-o’shaman. Islohotlarga ishonaman. Hukumat xodimlari soni kam bo’lishi kerak, deb hisoblayman. Erkinlik mamlakatimiz muvaffaqiyati garovi, deyman. Va aynan shu sababdan ishdan chiqqan immigratsiya tizimini tuzatish juda muhim”.

Bushga ko’ra, saylovchilar ulkan g’oyalarni ilgari surgan nomzod uchun ovoz beradi.

“Saylovoldi kampaniyasi chogi’da buyuk g’oyalarni ilgari surgan kishigina katta ishlarni amalga oshira oladi. Ulkan g’oyalarga sodiq qolgan kishi ularni shiddat va ishonch bilan hayotga tatbiq etadi. Biz hozir o’zgarishlarni boshlashimiz kerak. Amerika shunga muhtoj”, - deydi u.

Yaqinda o’tkazilgan ommaviy so’rovga ko’ra, respublikachi da’vogarlar orasida Bush ikkinchi o’rinda. 2012-yilda Obama bilan bellashib mag’lubiyatga uchragan Mitt Romnini so’ralganlarning 19 foizi ma’qullagan, Jeb Bushni esa 14 foizi.

Bushning bosh lavozimga da’vo qilish niyatini eshitgan partiyadoshlari 2016-yilga oid rejalarini aniqlab olishga shoshiladi, deydi siyosiy tahlilchi Jon Frontyer.

“Respublikachilar orasida partiyaning turli qanotlari vakili bo’lgan ko’plab arboblar prezidentlikka da’vo qilish niyatida. Ular orasidan qaysi biri yagona liderga aylanishini hozircha aytish qiyin”, - deydi tahlilchi.

Otasi va akasi prezident bo’lgani sababli Bushni mamlakatda yaxshi tanishadi. U tarafdorlaridan mablag’ to’plashda katta tajribaga ega. Ammo 2002-yildan buyon u saylovoldi kampaniyasini olib bormagan. Qolaversa, respublikachilar ham bugun ancha konservativroq.

Jeb Bush Floridada ikki marta gubernator etib saylangan. Uni ma’qullaganlar orasida ispanzabon saylovchilar ko’p. 2016-yilgi poygada Respublikachilar partiyasiga aynan ispanzabon va osiyolik amerikaliklarni o’z tarafiga o‘g’dira oladigan nomzod kerak. Chunki Obama 2008 va 2012-yillarda elektoratning aynan shu ikki qismi tayanchi bilan g’alaba qozongan edi.

Respublikachi strateg Uit Eyrs 2016-yilda Bushning ispanzabonlarni o’z tarafiga og’dirishi katta ahamiyat kasb etadi, deb hisoblaydi.

“Ispanzabon saylovchilarning uchdan bir qismi biz uchun ovoz beradi. Lekin bizga ular hamda osiyolik amerikaliklarning bundan-da ko’proq ovozi kerak. Oldimizdagi asosiy vaziga ham aynan shu. Kelasi prezident respublikachi bo’lsin desak, shu elektorat ko’nglini ovlashimiz kerak”, - deydi u.

Bush qatorida 2016-yilda Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi, Texas gubernatori Rik Perri, kentukilik senator Rend Pol, texaslik senator Ted Kruz va Luiziana gubernatori Bobbi Jindal ham o’zini sinab ko’rish niyatida.

Demokratlardan asosiy nomzod esa hali o’z niyatini rasman e’lon qilmagan Xillari Klinton.

Demak, 2016-yilda yana Bush va Klintonning bellashishi ehtimoli bor. 1992-yilgi poygada ham aynan shu ikki oila vakili raqib bo’lgan. O’shanda Jeb Bushning otasi mag’lubiyatga uchrab, Bill Klinton g’olib chiqqan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG