Kelasi oylarda AQSh prezidentligiga da'vogarlar aniqlanadi

  • Amerika Ovozi

Respublikachilar partiyasidan senator Ted Kruz 2016-yilda omadini sinab ko’rishi tayin.

Respublikachilar partiyasidan senator Ted Kruz 2016-yilda omadini sinab ko’rishi tayin.

Qo’shma Shtatlarda siyosiy partiyalar e’tibori endi 2016-yilda. Barak Obamadan keyin prezidentlikka kim keladi, kim bu lavozimga da’vo qilmoqchi? Kelasi oylarda bilamiz buni. Demokratlardan ehtimoliy nomzod Xillari Klinton bo’lsa, respublikachilar safi keng.

Sobiq Davlat kotibasi Xillari Klinton, agar Oyga harakat qilaman desa, uning uchun eshiklar ochiq.

Yaqinda Jorjtaun universitetida mehmon bo’lgan xonim siyosat emas, mojarolarni hal qilishda ayollarning roli haqida so’zladi.

“Bilamizki, tinchlik muzokaralarida ayollar ishtirok etsa inson huquqlari, adolat, milliy totuvlik va iqtisodiy taraqqiyot kabi odatda chetda qolib ketadigan masalalarga e’tibor oshadi,” - dedi u.

Respublikachilar partiyasidan esa texaslik senator Ted Kruz 2016-yilda omadini sinab ko’rishi tayin.

Kruz - konservativ qarashlarga ega “Choychilar” harakatining yetakchilaridan. Obamaning tashqi siyosatini tanqid qilishlari bilan tanilgan.

“So’nggi olti yil davomida Amerika dunyo yetakchisi degan mavqeini yo’qotdi. Natijada bo’shliq paydo bo’ldi. Rossiya, Xitoy, Eron kabi davlatlar bu bo’shliqni egallashga intilmoqda. Bu dunyo yanada beqaror bo’ladi degani,” - degan edi u.

Ted Kruz barobarida 2016-yili prezidentlikka Florida shtatining sobiq gubernatori Jeb Bush, Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi, kentukilik senator Rend Pol da’vo qilishi mumkin. Nomzodlar ko’p bo’lishi aniq, deydi tahlilchi Jon Fortiyer.

“Respublikachilar partiyasining turli qanotlaridan har xil odamlar maydonga chiqadi. Ular orasidan kim ustun kelishini hozircha aytish qiyin. Demokratlarga kelsak, asosiy nomzod, albatta, Xillari Klinton,” - deydi siyosatshunos.

2008-yilda Obama bilan bellashib, yutqazgan Klinton keyinchalik tashqi ishlar vaziri lavozimini egallab, to’rt yil xizmat qildi.

Biroq endi prezidentdan uzoqlashishiga to’g’ri keladi, chunki Obamaning reytingi past, deydi Fortiyer.

“U tashqi siyosatni tanqid qilgan paytlar bo’ldi. Klinton shunday yo’l tutishga majbur. Bundan tashqari, 2008-yilda bo’lgani kabi o’z partiyadoshlari orasidan ham raqiblar topiladi,” - deydi tahlilchi.

Ammo Klinton prezidentdan yuz o’girishi oson emas, deydi respublikachi sotsiolog Vit Eyrs.

"Ikki muddatdan so’ng xalq quvvatlamay qo’ygan prezident ketidan yana uning partiyasidan birov Oq uyga da’vogarlik qilishi hech kim uchun ham oson emas”.

Respublikachilar so’nggi saylovda katta g’alabani qo’lga kiritdi. Ham Vakillar palatasi, ham Senatda a’zolarini ko’paytirdi.

“Bu ketishda respublikachilar Oq uyni ham qo’lga kiritsa kerak,” - deydi Eyrs.

Xillari Klinton prezidentlikka da’vo qilishini kelasi yil fevral oyida e’lon qilishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG