Breaking News

Amerika 10 yil oldingi terror xurujlarini xotirlamoqda


AQSh rahbari Barak Obama, rafiqasi Mishel, sobiq prezident Jorj Bush va uning ayoli Lora bugun Nyu-Yorkka borib, yangi ochilgan xotira maydoni va yodgorlikni ko'zdan kechirdi, 2001 yilning 11-sentabrida yaqinlaridan ayrilganlar bilan uchrashdi
AQSh rahbari Barak Obama, rafiqasi Mishel, sobiq prezident Jorj Bush va uning ayoli Lora bugun Nyu-Yorkka borib, yangi ochilgan xotira maydoni va yodgorlikni ko'zdan kechirdi, 2001 yilning 11-sentabrida yaqinlaridan ayrilganlar bilan uchrashdi

Amerika sarhadida keng ko’lamli terror xurujlari amalga oshirilib, uch mingga yaqin insonni hayotdan olib ketganiga 10 yil bo’ldi. Mamlakat bo’ylab xotira marosimlari o’tmoqda.

Prezident Barak Obama xalqqa murojaat qilar ekan, Nyu-York, Pensilvaniya va Virjiniyada qulagan to’rt yo’lovchi samolyotini olib qochgan terrorchilar insoniyat dushmani bo’lgan dedi.

O'sha kuni o'lganlarning ism-sharifi bitilgan yodgorlik oldida
O'sha kuni o'lganlarning ism-sharifi bitilgan yodgorlik oldida

Bu xurujlar ortida turgan Osama bin Laden endi yo’q va u asos solgan al-Qoida doimiy qo’rquv ostida harakat qilmoqda, chunki biladiki, uning kuni bitmoqda, deydi AQSh rahbari.

Xurujlarning 10 yilligi arafasida barcha yirik shaharlar va inshootlarda xavfsizlik choralar kuchaytirilgan. Terrorchilar portlashlar rejalagani haqida ma’lumotlar bor va ommadan ogoh turish so’ralmoqda. Razvedka idoralari qo’lga kiritgan axborot shundan darak beradiki, al-Qoida aynan mana shu kunlarda Amerikaga qarshi yangi hujumlar qilish harakatida bo’lgan.

Nyu-Yorkda bir paytlar Jahon Savdo Markazining ikki osmono'par binosi turgan joy bugun xotira maydoni
Nyu-Yorkda bir paytlar Jahon Savdo Markazining ikki osmono'par binosi turgan joy bugun xotira maydoni

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, al-Qoida terror guruhi bugun katta kuchdan ayrilgan va chekinishga majbur.

"Biz terroristlarni yer tishlatmaguncha orqaga qaytmaymiz. Federal, shtat va mahalliy miqyosda barcha zarur choralar ko’rib, tahdidning oldini olish harakatidamiz", - deydi Klinton xonim.

“Biz ekstremizm mafkurasi ildiziga bolta urayapmiz, toki terrorchilar yosh avlodni o’z safiga qo’sha olmasin, jamoatchilik orasida biror tarafdor topa olmasin”,- deydi Davlat kotibasi.

O'sha dahshatli kunda yer bilan yakson bo'lgan ikki bino shu'lasi
O'sha dahshatli kunda yer bilan yakson bo'lgan ikki bino shu'lasi

Xillari Klinton fikricha arab dunyosida erkinlik va adolat uchun keng ko’lamli kurash boshlangani, ommaviy namoyishlar va uzoq davr repressiya ostida yashagan xalqlarning bosh ko’targani, o’z huquqini talab qilayotgani al-Qoida uchun ulkan zarba. Xalqlar ogoh ekan, terrorchilarga qarshilik juda kuchli, deydi Klinton.

“Arab dunyosi va umuman musulmon olami erkin va farovon jamiyatlarga aylanishga bel bog’laganiga guvohmiz”, - deydi Amerika bosh diplomati.

Nyu-York
Nyu-York

AQSh Ichki xavfsizlik vazirasi Janet Napolitano jamoatchilikni ehtiyot bo’lishga undab, biror shubhali harakat yoki narsani ko’rgan-sezgan odamlardan politsiyaga murojaat qilishni so’ramoqda.

Nyu-Yorkda xavotir kuchli. Bugun-erta bu shaharda katta tadbirlar rejalangan va shahar har doimgidan ham gavjum. Byu-York meri Maykl Blumbergning o’zi metroda yuradi va hamshaharlarini ham qo’rqmay dadil harakat qilishga undamoqda.

"Terroristlar bizni qo’rqita olmaydi", - deydi u, "xavfsizlk choralari mustahkam".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG