AQSh va Yaponiya harbiy hamkorlikni kuchaytirishi kutilmoqda

  • Amerika Ovozi

Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe AQSh safarini boshladi. Uchrashuvlar bir necha o'n yillik ittifoqning yangi bosqichini boshlashi kutilyapti. Mintaqada Xitoyning ta'siri o'sib borayotgan bir paytda savdo va mudofaa bo'yicha hamkorlikni kuchaytirishga alohida e'tibor berilishi rejalangan.

Ikkinchi jahon urushi yakunida tuzilgan sulh ortidan o'tgan 70 yil davomida Yaponiya va AQSh o'zaro dushmandan kuchli ittifoqchilarga aylandi.

Xitoy solayotgan xavf, ayniqsa, Yaponiya o'ziniki deb biladigan orollarga Pekinning ko'z olaytirishi bu ittifoqni yanada mustahkamladi.

Aprel oyida Tokioga qilgan safarida Prezident Obama AQSh Yaponiyani himoya qilish bo'yicha bergan va'dasining ustidan har doim chiqishini ta'kidladi.

"Yaponiya xavfsizligini ta'minlash bo'yicha tuzilgan bitim shartlariga rioya qilishimiz shubhasiz. Uning 5-moddasida Yaponiya ma'muriyatiga qarashli barcha hududlar, jumladan, Senkaku orollari ham qamrab olingan", - degan edi Obama.

AQSh ittifoqchilik an'anasiga sodiqligini ko'rsatish uchun Oq uyda Yaponiya sharafiga maxsus qabul marosimi, qo'shma matbuot konferensiyasi hamda ziyofat tashkil etmoqda. Shuningdek, Abe AQSh Kongressining qo'shma majlisida so'zlaydigan birinchi Yaponiya bosh vaziri bo'ladi.

Osiyo tadqiqoti bo'yicha milliy byuro tahlilchisi Meredis Miller tashrifning ahamiyati haqida shunday deydi:

"AQSh istayotgan narsalardan biri shuki, u bu marosimlar orqali nafaqat Xitoyga, balki Yaponiya xalqiga va butun mintaqaga o'z ittifoqchilarini juda qadrlashini ko'rsatmoqchi", - deydi u.

Xitoydan kelayotgan xavfning o'sishi, qolaversa, AQSh harbiy salohiyatining qisqarishi hamda iqtisodiyotining zaiflashuvi yaponiyaliklarda Vashington yordamining qanchalik haqqoniy bo'lishi haqida xavotirlarni uyg'otgan edi.

Obama ma'muriyati asosiy e'tiborini Osiyoga qaratgandan beri nafaqat mintaqaga ko'proq askar va kemalarni jo'natishni, balki boshqa jabhalarda ham hamkorlikni kuchaytirishni ko'zlamoqda.

Savdo aloqalarini kengaytirish ana shu hamkorlikning muhim bir qismi. AQSh mintaqa davlatlari bilan yangi savdo bitimlarini tuzishga shay, deydi Oq uy so'zlovchisi Josh Ernest.

"Kun tartibidagi muhim masalalardan biri Tinch okeani bo'ylab hamkorlikka oid muzokaralarning istiqbolidir. Umidimiz shuki, standartlarni oshirish va imkoniyatlarni tenglashtirish orqali AQSh, Amerika sanoati va ishchilari manfaatlariga xizmat qiladigan kelishuvga erisha olamiz. Bu Yaponiya iqtisodiyoti uchun ham foydali bo'ladi", - deydi u.

Yaponiya so'nggi paytlarda o'z mudofaa salohiyatini kuchaytirishga urinmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar rejasi haqida so'nggi 18 yilda ilk bor rasmiy axborot berilishi kutilyapti.

Mintaqadagi yangi voqelik va yuz berayotgan yangi muammolar Tokioni o'z harbiy siyosatini o'zgartirishga majbur qilayotgani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG