AQShda abort yuzasidan munozara tinmayapti

  • Amerika Ovozi

Shu kunlarda AQShda abortlar atrofidagi mubohasalar yangilandi. Bu masala azaldan ziddiyatli. Saylovlarda muhokamadan tushmaydi.

Abortlarga qarshi bir guruh yashirin ravishda olingan video tarqatdi. Unda “Planned Parenthood” ayollarga abort va reproduktiv salomatlik xizmatlari ko'rsatadigan tashkilot xodimi homiladan tadqiqot uchun foydalanish haqida gapirgani tasvirlangan.

“Planned Parenthood” atrofidagi mashmasha dahshatli”, - deydi Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da’vo qilayotgan senator Rend Pol.

Respublikachilar abortga qarshiligi bilan tanilgan.

"Keyingi prezident “Planned Parenthood” tashkilotiga mablag’ bermaslik haqida qaror chiqarishi kerak. Hech qaysi hukumat abortlarni mablag’ bilan ta’minlamasin ”, - deydi Florida shtatining sobiq gubernatori Jeb Bush.

Tashkilot va uning bo'limlari davlat byudjetidan yiliga yarim milliard dollar oladi. Biroq soliq to’lovchilar pulini abortlarga sarflash man qilingan. Bu maqsadda tashkilot boshqa manbalardan mablag’ topishi lozim.

Shunga qaramay respublikachilar tashkilotga mablag’ ajratishni to’xtatishga da’vat etmoqda.

Biroq Senatdagi demokratlar “Planned Parenthood” tashkilotiga mablag’ bermaslik atrofidagi bahsni to’xtatib qo’ydi.

“Mening ikki farzandim muddatdan erta tug’ilgan. Erkaklar menga aql o’rgatmasin, - dedi demokrat senator Barbara Bokser. – Homiladorlikni siyosiy o’yinga aylantirmang. Meni saylagan odamlarga bu ma’qul emas”.

“Planned Parenthood” tashkiloti aholiga ko’rsatadigan xizmatlarning 90 foizi tibbiy xizmatlar, abortlarga aloqasi yo’q. Respublikachilar ayollarning kontratseptiv vositalarni olish huquqiga hujum qilmoqda. Ammo bu holda istalmagan homilalar soni, demak, abortlar soni oshishi aniq-ku!” – dedi Bokser.

“Planned Parenthood” tashkiloti esa maxfiy ravishda video olishning qonuniy jihatini savol ostiga qo’ymoqda.

“Tashkilotimiz abort qilingan homila to’qimalaridan foyda ko’rishi haqidagi iddaolar mutlaqo asossiz", - dedi tashkilot rahbari Sesil Richards.

Tarafdorlar esa abort qildirilgan homilani o’rganish natijasida odamlar hayoti saqlab qolinganini aytadi.

“Oqibatda poliomelit kasalligiga qarshi vaksina ishlab chiqildi. Parkinson, Alsgeymer va boshqa kasalliklarga qarshi davo topishda ham bu izlanishlar foydali”, - dedi senator Bokser.

Kongress hozir yozgi ta’tilda. Sentabrda ishga qaytgach Kongress a’zolari byudjet masalasini ko'rib chiqadi. Qonunchilar 1-oktabr, yangi moliya yili boshlangunicha uni tasdiqlashi kerak.

Ayrim respublikachilar yangi moliyaviy yilda “Planned Parenthood” tashkilotiga mablag’ bermaslik kerak, degan fikrda. Ammo bunday taklifga demokratlar qarshi. Prezident Barak Obama esa qarorga qarshi chiqib, veto huquqidan foydalanishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG