Breaking News

Irqlar tengligi masalasi AQSh Oliy sudi muhokamasida


Qonunni taqid qilgan Abigeyl Fisher advokati bilan norozilik namoyishida.
Qonunni taqid qilgan Abigeyl Fisher advokati bilan norozilik namoyishida.

AQShda ozchilikdagi irqiy guruhlarga imtiyoz berishni ko’zda tutuvchi qonun shu kunlarda qizg’in muhokama qilinmoqda. Oliy sud ham Amerika xalqi kabi bu borada ikkiga bo’lingan ko’rinadi. Oliy o’quv yurtlariga qabul qilishda bunday imtiyozlarning berilishiga ba’zilar qarshi chiqmoqda. Boshqalar esa qonun turli irq va elatlar vakillari uchun teng imkoniyatlar yaratadi, deydi.

Ta’lim olish va ishga joylashishda diskriminatsiyaga qarshi qaratilgan qonun tarafdorlari va unga qarshilar Vashingtonda Oliy sud binosi oldida yig’ildi.

Sudda Abigeyl Fisher ismli fuqaroning ishi ko’rilmoqda. U Ostin shahridagi Texas universiteti rahbariyatini shu qonun tufayli kam sonli irqqa mansub talabani afzal ko’rib, shu o’ringa ariza bergan Fisherni o’qishga qabul qilmaganlikda ayblamoqda.

“Aksariyat amerikaliklar kabi men ham talabalarga ularning irqiga qarab muomala qilishlariga qarshiman”, - deydi da’vogar.

2003-yilda Oliy sud o’quv yurtlari tarkibini xilma-xillashtirish uchun abituriyentlarning irqiga qarab ham tugal qaror qabul qilishi mumkin, deya qaror chiqargan edi. Ba’zi amerikaliklar fikricha, boshqa irq vakillaridan ko’ra qonundan asosan qora tanlilar foyda ko’rgan.

“Farzandlarimizga nisbatan diskriminatsiya hamon kuchli ekaniga guvohmiz. Osiyolik amerikaliklar, xususan xitoyliklar uchun eng muhimi farzandiga bilim berish, chunki bu porloq kelajakka yo’l ochib beradi. Biroq Amerika qonunlaridagi tarafkashlik sababli bu yo’l ko’plar uchun yopiq,” – deydi Li Chen ismli xitoylik amerikalik.

Bir yarim soat davom etgan munozarada liberal qarashga ega sudyalar ozchilikdagi guruhlarni imtiyoz bilan ta’minlovchi qonun kerak, deya fikr bildirdi. Konservatorlar esa universitetlarda irqiy xilma-xillikka qaratilgan dasturlarning uzoq muddatli samarasini tanqid qildi. Sudya Entonin Skaliyaga ko’ra, maktabda yaxshi baholarga o’qimagan qora tanli talabalar talab pastroq bo’lgan universitetlarda o’qishi kerak.

“Sudya Skaliyaning qora tanlilar Texas universitetidan yomonroq oliygohlarda o’qishi kerak, degan gaplarini eshitganimda “men Oliy suddamanmi yoki Donald Tramp tarafdorlari majlisidamanmi” deb o’ylanib qoldim”, - deydi fuqarolik huquqlari faoli, qora tanli ruhoniy Al Sharpton.

Ozchilikdagi guruhlarga imtiyoz beruvchi qonun tarafdorlariga ko’ra, irqiy kamsitish hollarining o’quv yurtlarida hanuz uchrayotgani oz sonli irqiy va etnik guruhlar vakillarining huquqiy madadga hamon ehtiyoji borligidan dalolatdir.

“Missuri universiteti va ba’zi boshqa oliygohlardagi muammolarga aynan irqiy xilma-xillikning yo’qligi sabab bo’ldi. Agar Oliy sud Texas universitetining yonini olmasa, bu qonun natijasida erishilgan yutuqlar puchga chiqadi,” - deya fikr bildiradi Vashingtondagi o’rta maktab direktori Stiv Jekson.

Sud ish yuzasidan qarorni kelasi yili qabul qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG