Breaking News

AQSh qonunchilari Afg'onistonga berilayotgan yordamni muhokama qildi


AQShning Afg'onistonda boshlagan harbiy amaliyotiga 15 yil to'lar ekan (7-oktabr), Amerika qonunchilari Afg'onistonda harbiy va gumanitar maqsadlarda sarflanayotgan mablag' samaradorligini savol ostiga olmoqda.

AQSh Davlat departamentida Pokiston va Afg'oniston ishlari bo'yicha AQSh maxsus vakili Richard Olsonning aytishicha, Vashington Kobulga har yili besh milliard dollar yordam beradi. Buning to'rt milliardi Afg'oniston xavfsizlik kuchlari uchun, qolgan bir milliardi taraqqiyot loyihalari uchun sarflanadi.

Tennesilik senator Bob Korkerning aytishicha, AQSh har yili Afg'oniston uchun shuncha mablag' sarflab kelyapti, ammo amerikaliklar buning samarasini ko'rmayapti.

USAID tashkilotida Pokiston va Afg'oniston masalalari bo'yicha boshqaruvchi yordamchisi Donald Sampler taraqqiyot loyihalariga moliya jaratish muhimligiga e'tibor qaratadi.

"Afg'oniston hukumatini qo'llab-quvvatlash va uning o'z hududlarini boshqarishiga yordam berish isyonlarning oldini olish uchun muhim. Isyon yuz berganda unga qarshi kurashgandan ko'ra uning oldini olish uchun pul sarflash yaxshi sarmoya", - deydi u.

Senatorlar mintaqada "Islomiy davlat" terror guruhining ta'siri oshib borayotgani yuzasidan ham xavotir bildirdi.

"Sharqdagi Nangarhor viloyatida ular 1500 dan 2500 gacha jangariga ega, - dedi Olson. - Afg'oniston hukumati ularga qarshi faol kurash olib bormoqda. Bizning kuchlarimiz ham ularga havo zarbalarini beryapti".

Olson, shuningdek, Tolibon va "Islomiy davlat" birga ishlamayotganini ham eslatib o'tdi. Ular bir-biriga dushman; Tolibonning maqsadi mahalliy darajada bo'lsa, "Islomiy davlat" global maqsadlarga ega, deydi rasmiy.

AQSh Afg'onistondagi askarlari sonini keskin kamaytirganiga qaramay, mamalakat xavfsizligini ta'minlashda faol ishtirokini davom ettirmoqda.

2017-yilgi byudjetda AQSh rahbari Barak Obama Afg'oniston xavfsizlik kuchlari uchun 3,45 milliard dollar yordam so'radi. U o'zidan keyingi prezident ham 2020-yilgacha shu miqdorda ko'mak ajratib kelishiga umid bildirdi. Ayni paytda AQSh harbiylari Afg'onistonda maslahatchilik va askarlarni tayyorgarlikdan o'tkazish faoliyatini davom ettirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG