Amerika Afg’onistonda qancha askar qoldiradi?

  • Amerika Ovozi

Chapdan o'ngga - xalqaro koalitsiya qo'mondoni Jon Allen, AQShning Afg'onistondagi elchisi Jeyms Kanningxem va Mudofaa vaziri Leon Panetta, Kobul, 12-dekabr, 2012

Chapdan o'ngga - xalqaro koalitsiya qo'mondoni Jon Allen, AQShning Afg'onistondagi elchisi Jeyms Kanningxem va Mudofaa vaziri Leon Panetta, Kobul, 12-dekabr, 2012

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta kutilmaganda Kobulga safar qildi. Prezident Hamid Karzay va qo’mondonlar bilan uchrashib, 2014-yildan so’ng mamlakatda qancha qo’shinni qoldirish xususida maslahatlashadi.

Hozir AQShning Afg’oinistonda 68 ming askari bo’lib, ular soni kelasi ikki yil ichida kamaya boshlaydi. Yaqinda qayta saylangan prezident Barak Obama 11 yillik urushga nuqta qo’yamiz, deb va’da bergan.

Mudofaa vaziri Leon Panetta deydiki, 2014-yildan keyingi rejalar muhokamada. Mamlakatda qancha qo’shin qolishini prezident Obama hal etadi, deydi u.

Harbiy qo’mondonlar mahalliy armiya malakasini oshirish hamda aksil-terror operatsiyalari uchun 15 minggacha askar so’ragan. Asl raqam 6-9 ming atrofida bo’lishi va ular asosan poytaxt Kobul atrofidagi garnizonlarda joylashtirilishi kutilyapti, deydi ayrim rasmiylar.

Leon Panettaga ko’ra, asosiy maqsad al-Qoida terror guruhi Afg’onistonda endi hech qachon in qo’ymasligini ta’minlashdir. Buning uchun qancha qo’shin kerakligini mudofaa vaziri tilga olganicha yo’q. Ayni damda Vashington va Kobul o’rtasida xavfsizlik bo’yicha bitim imzolash ustida muzokara ketayapti.

Afg’onistonda Tolibon hamon faol. AQSh Mudofaa vazirligining so’nggi hisobotida aytilishicha, Afg’oniston barqarorligiga raxna solayotgan omillar – jangarilarning Pokistondagi manzillari, korrupsiya hamda zaif hukumat, deyiladi hujjatda.

Afg’on armiyasi va politsiyasi ishni eplay olishiga ishonchim komil, deydi Panetta.

Vazir Afg’onistonda “ichki hujumlar”, ya’ni mahalliy askarlarning xalqaro qo’shinga hujumlari kamayganini alohida qayd etadi. Joriy yilda 50 dan ziyod xorijiy askar shu tariqa halok bo’lgan.

Bu orada, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Hamid Karzay ma’muriyatini xotin-qizlarni himoya qilishga qaratilgan qonunlar ijrosini ta’minlashga undamoqda.

BMT o’tgan bir yil ichida to’plangan ma’lumotlardan shuni xulosa qiladiki, ayollarga nisbatan zo’ravonlikni bartaraf etish to’g’risida qonunlar bor-u, lekin amalda juda kam qo’llaniladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG