Karzay AQSh-Afg’oniston xavfsizlik bitimini imzolashdan bosh tortayapti

  • Amerika Ovozi

Afg’onistonda Loya Jirg’a, qabila va jamoa yetakchilaridan iborat kengash Qo’shma Shtatlar bilan erishilgan xavfsizlik kelishuvini ma’qulladi.

Oqsoqollar prezident Hamid Karzayni hujjatni zudlik bilan imzolashga chaqirmoqda. Obama ma’muriyatining ham istagi shu.

Prezident Hamid Karzay xavfsizlik kelishuviga qo’l qo’yishdan bosh tortayapti. Avvalo Afg’onistonda tinchlik va xavfsizlik qaror topsin, aprel oyiga belgilangan prezident saylovlaridan o’tib olaylik, deydi u.

“Amerikaga qo’yayotgan shartimiz – tinchlikni ta’minlab bersin. Agar niyati xolis bo’lsa, bizni quvvatlashda davom etsa, kelishuv albatta kuchga kiradi”, - dedi Karzay Loya Jirg’a majlisida.

Xalq kengashi raisi, sobiq prezident Sibg’atulla Mojadeddiy bitimni kechiktirish qaroridan norozi.

“Janob Karzay bunday shart qo’yishga haqli emas, chunki u olg’a surgan barcha talablarni Qo’shma Shtatlar allaqachon bajarib bo’lgan. Hujjatni kechiktirishdan Afg’onistonga hech qanday foyda yo’q”, - deydi Mojadeddiy.

Kobulda asoslangan “AIR Consulting” tadqiqot markazi xodimi Idris Rahmoniy fikricha, prezident Karzay xorijiy kuchlar bilan muzokara qilgani uchun o’zini va o’z qabilasini ehtimoliy xavfdan himoya qilayapti.

“Qisqasi, u 2014-yildan keyingi davrda o’ziga va ittifoqdoshlari uchun AQShdan xavfsizlik va siyosiy kafolat so’rayapti”, - deydi u.

10 yilga mo’ljallangan kelishuv AQSh harbiylarining bir qismi Afg’onistonda qolishini nazarda tutadi. Ular mahalliy armiya malakasini oshiradi, jihozlaydi va al-Qoidaga qarshi kurashda ko’maklashadi. Mahalliy askalar maoshini to’lash, harbiy ko’mak va fuqaroviy institutlarni rivojlantirish dasturlari uchun Afg’onistonga yiliga sakkiz milliard dollar ajratish ham belgilangan.

Kobul markazida kengash yig’ilishi kuchli xavfsizlik choralari ostida o’tdi. Afg’oniston razvedkasi bayonotiga ko’ra, so’nggi to’rt kunda bir necha xurujlar bartaraf etilgan va qurol-aslaha musodara qilingan.

Yig’ilishda so’zlagan prezident Karzay AQSh bilan erishilgan kelishuvning foydali jihatlariga batafsil to’xtaldi. Lekin, deydi u, agar amerikalik askarlarning afg’onlar uyiga bostirib kirishlari davom etsa uni bekor qilamiz.

Bu jamiyatda chuqur norozilik uyg’otgan reydlar faqatgina askarlar hayoti xavf ostida bo’lgan favqulodda holatlardagina o’tkaziladi, deyiladi yangi kelishuvda.

Tahlilchi Keyt Klark Karzayning xalq kengashi oldidagi nutqini siyosiy tomosha deb ta’riflaydi:

“Ajnabiy kuchlarni Afg’onistonda qoldirish nozik masala bo’lgani uchun ham prezident Karzay bunday murakkab qaror uchun yakka o’zi javobgar deb ko’rilishini istamaydi. Masalani Loya Jirg’aga oshirish - mas’uliyatni taqsimlashning bir yo’li”.

Oqsollar xavfsizlik bitimi matniga 31 ta o’zgartirish kiritishni tavsiya etadi, jumladan, Guantanamo qamog’ida saqlanayotgan 10 afg’on ozod etilishini; AQSh Afg’onistonda kuzatuv va aygoqchilik operatsiyalaridan voz kechishini; hamda qo’shni davlatlarga qarshi har qanday operatsiyada Afg’oniston hududidan foydalanishni man qilishni.

Tahlilchi Idris Rahmoniyga ko’ra, mazkur tuzatishlar Hamid Karzayga Vashington bilan kelishuv ustida muzokaralarni davom ettirish va uni kechiktirish imkonini beradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG