Afg'onlarni o'ldirganlikda gumon qilinayotgan zobitga qotillik aybi qo'yildi

  • Amerika Ovozi

AQSh armiyasi serjanti Robert Beyls Qandahorda 17 afg'onni o'ldirganlikda ayblanmoqda

AQSh armiyasi serjanti Robert Beyls Qandahorda 17 afg'onni o'ldirganlikda ayblanmoqda

Afg'oniston janubidagi Qandahor viloyatida 17 odamni o'ldirgan amerikalik zobit Robert Beylsga qotillik bo'yicha ayblov qo'yildi. Ayni damda serjant Kanzas shtatidagi harbiy qamoqxonada saqlanmoqda.

Robert Beyls 38 yoshda, ikki farzandning otasi. Armiyada 11 yildan beri xizmat qiladi. Afg'onistongacha Iroqda ham bo'lgan. Xabarlarga ko'ra, Beyls ikki hafta burun Qandahordagi harbiy postini tashlab, tunda ikki qishloqda uylarga kirib, o't ochgan. Qurbonlardan to'qqiz nafari bolalar ekani ma'lum.

Ammo uning advokati Jon Genri Braunning aytishicha, Beylsga qarshi dalillar zaif.

"Beylsning barmoq izlari yo'q, tibbiy xulosa yo'q, qurbonlarning qanchaligi ma'lum emas, jasadlar qayerda. Himoya kuchli", - deydi Braun.

Qonli voqea usiz ham tarang AQSh-Afg'oniston aloqalariga zarba bo'ldi. Oddiy afg'onlar AQSh tergovni xolis olib borishiga ishonmaydi. Adolat qaror topishi zarur, deydi ular.

"16 begunoh odamni o'ldirgan shaxsni kechirib bo'ladimi? Uni sud qilib, jazosini berish kerak", - deydi Jalol ismli do'kon egalaridan biri.

Robert Beylsning advokatiga ko'ra, mijozida ruhiy muammolar bo'lishi mumkin, urush oqibatida asablari qattiq buzilgan.

Qandahordagi otishma AQSh va Afg'oniston strategik hamkorlik bitimi ustida muzokara qilayotgan bir paytga to'g'ri keldi. Afg'oniston Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Janon Mosazayning aytishicha, bitimning munozarali punktlari bo'yicha bahs ketmoqda, xususan, AQShning tungi reydlari bo'yicha.

Afg'on tomoni ularni to'xtatishni so'raydi, ammo Qo'shma Shtatlar nazarida aynan tungi reydlar davomida Tolibonning ko'p rahbarlari va a'zolari qo'lga tushmoqda.

Xalqaro kuchlar Afg'onistonni 2014-yilda tark etishi kutilar ekan, ikki davlat munosabatlar kelajakda qanday shaklda bo'lishini kelishib olmoqchi. AQSh 2014-yildan so'ng mamlakatda ba'zi qismlarini qoldirishga umid qilmoqda.

Tomonlar bitimni kelasi oy Chikagodagi NATO sammitidan oldin imzolashni rejalagan.

Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul so'nggi ikki kun Vashingtonda bo'lib, Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan strategik kelishuv yuzasidan fikr almashdi.

Rasmiy Kobul Tolibon bilan ham murosa qilish umidida. Buning uchun jangarilar qurollarini tashlab, tinch hayotga qaytishi, amaldagi tuzumni tan olishi zarur, deydi matbuot kotibi Janon Mosazay. Biroq toliblar prezident Karzayni Amerikaning malayi deb, u bilan muzokara qilishdan bosh tortyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG