Haybatulla Oxunzoda - Tolibonning yangi rahbari

  • Amerika Ovozi

Tolibon guruh yetakchisi Mulla Axtar Mansurning o'tgan hafta AQSh havo hujumida o'ldirilganini tasdiqlab, harakatga yangi rahbar tayinlanganini ma'lum qildi.

Haybatulla Oxunzoda Mulla Mansurning ikki o'rinbosaridan biri edi. Yana bir o'rinbosari Sirojiddin Haqqoniy hamda Tolibon asoschisi va harakatni uzoq yil boshqargan marhum Mulla Muhammad Umarning to'ng'ich o'g'li Mulla Yoqub ham raislikka da'vogarlardan biri edi. Mulla Yoqub hozir Afg'onistondagi 34 viloyatdan 15 tasida Tolibon harbiy amaliyotlarini boshqaradi.

Tolibon bayonotida aytilishicha, Haybatulla Oxunzoda bir ovozdan raislikka saylangan.

NATOning Afg'onistondagi kuchlari qo'mondoni, AQSh generali Jon Nikolson Mulla Mansur tinchlik va yarashuv jarayoniga to'sqinlik qilgani bois shanba kuni Pokiston chegarasi yaqinida o'ldirilganini bildirdi.

AQSh Prezidenti Barak Obama ham Mulla Mansurning o'ldiriilganini tasdiqladi.

Tolibon yetakchisi Afg'oniston chegarasi yaqinidagi Balujiston viloyatida avtomobilda ketayotganda, pilotsiz samolyotdan chiqarilganraketadan o'lgan. U bilan haydovchisi Muhammad A'zam ham halok bo'lgan.

Afg'onistondagi matbuot vakillari va ayrim siyosatchilar Mulla Mansurning o'limi mamlakatda zo'ravonlikni yanada kuchaytirishi mumkinligidan xavotirda.

AQSh va afg'on rasmiylari Tolibon yetakchilari Pokistonda faoliyat olib borishini aytib keladi. Islomobod bu ma'lumotni rad etmaydi, ammo muammoda Kobulni ayblaydi.

Matbuotga oshkor bo'lgan hujjatlarda qayd etilishicha, Mulla Mansur Vali Muhammad nomi ostida Pokiston pasportiga ega bo'lgan va mamlakat ichida erkin sayohat qilgan. U hatto bir necha marta Pokiston aeroportlari orqali xorijga, xususan, Dubayga ham borib kelgan.

Mulla Mansur o'ldirilishi ketidan Pokiston xavfsizlik xodimlari uning pasportida ko'rsatilgan manzil bo'yicha Karachi shahrida reyd o'tkazib, bir necha odamni hibsga olgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG