AQSh Afg'onistonda saylovlar tinch o'tganidan mamnun

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonda saylov, 5-aprel, 2014-yil

Afg'onistonda saylov, 5-aprel, 2014-yil

Shanba kuni Afg’onistonda saylovlar o’tdi. 12 million saylovchidan yetti millioni yangi prezidentga va viloyat hokimliklari rasmiylariga ovoz berdi. AQSh prezidenti, davlat kotibi va mudofaa vaziri jarayonni olqishladi.

Xalq bosh lavozimga kimni loyiq topgani bir necha haftada ma’lum bo’ladi. Obama ma’muriyati prezidentlikka kim kelsa ham AQSh bilan xavfsizlik bitimini imzolashiga umid qilmoqda.

Saylov komissiyasida ovozlar hisoblanmoqda. Sakkiz nomzoddan uch nafari g’alabaga asosiy da’vogar. Shulardan biri Ashraf G’ani.

"Biz taqdirimizni o’q bilan emas, saylov orqali belgilay olishimizni isbotladik. Afg’on xalqi demokratiyaga ishonadi, uni ishga soladi", - deydi nomzod.

Har bir saylovda bo’lgani kabi Afg’onistondagi jarayon ham kamchiliksiz o’tmagan. Biroq, deydi yana bir nomzod Abdulla Abdulla, bu hol afg’onlarning demokratiyaga bo’lgan ishonchiga putur yetkazgani yo’q.

"Shikoyatlarimizni rasmiylashtirib, Mustaqil saylov komissiyasiga jo’natdik. Umid qilamizki, shikoyatlarimiz e’tiborsiz qolmaydi", - deydi Abdulla.

AQSh Afg’onistonga qo’shinlarini 2001-yil oxirida kiritgan. Bu Qo’shma Shtatlar uchun tarixdagi eng uzoq urush. Prezident Barak Obama erishilgan yutuqlarni boy bermagan holda urushni poyoniga yetkazishga va’da bergan.

Agar hokimiyat qonsiz o’zgarsa, Amerikaning Afg’onistonda samarali xavfsizlik kuchlarini yaratishga qaratilgan strategiyasi ish bergan bo’ladi, deydi Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest.

"Afg’on saylovlari AQShdagilaridan shunisi bilan farqliki, Amerikada g’olib o’sha kechadayoq yoki ertasiga ma’lum bo’ladi. Saylovdan so’ng zo’ravonlik bo’lmaydi, xalq uning natijasini qabul qiladi, yangi hukumatga turli siyosiy kuchlar keladi, deya umid qilamiz", - deydi Oq uy rasmiysi.

Muddati tugayotgan prezident Hamid Karzay shu kungacha AQSh bilan xavfsizlik bitimini imzolashdan bosh tortib keldi, biroq prezidentlikka nomzodlarning barchasi saylansa hujjatni yoqlashini aytdi. Shunda askarlarini yil oxirigacha Afg’onistondan olib chiqishni rejalayotgan Qo’shma Shtatlar mamlakatda bir necha harbiyni qoldirishi mumkin bo’ladi.

Demokrat senator Tim Keynтing aytishicha, askarlarni chiqarish to’g’ri qaror, ammo Afg’onistonda shu kungacha erishilgan muvaffaqiyatlarni ham sovurmaslik kerak.

"Afg’on urushida AQShning 2300 zobiti nobud bo’ldi, Amerika 600 milliard dollar sarfladi. Afg’onistonning barcha muammolarini hal qila olmasak-da, 13 yillik yutuqlarni unutmaslik kerak", - deydi senator.

So’nggi yillarda erishilgan yutuqlardan biri shu bo’ldiki, ayollar ta’lim olish, tadbirkorlik bilan shug’ullanish, jamoat ishlarida faol ishtirok etish imkoniga ega bo’ldi. Ular ham siyosiy beqarorlikning qaytarilishini istamaydi.

Kobuldagi go’zallik saloni egasi Balqis Aziziy nomzodlardan qay biri saylanishidan qat’i nazar kelajakni bashorat etish qiyin, deydi.

"Yomon bo’lmaydi degan umiddamiz. Nima bo’lar ekan, yangi davlat rahbari qanday siyosat yuritar ekan deb hammamiz xavotirda", - deydi Aziziy.

Tolibon Afg’onistonni 1996-2001-yillarda boshqargan. O’sha payt ayollar mamlakat hayotida deyarli yo’q edi. Ular erkak hamrohsiz ko’chaga chiqa olmas, uydan tashqarida o’qiy yoki ishlay olmas edi. 2011-yildan beri ayollarning ahvoli ancha yaxshilandi. Ammo yangi prezident siyosatni o’zgartirishi mumkin degan tashvish bor. Salma Hadariy ismli kosmetolog xavotirga o’rin yo’q, deydi.

"Yangi prezident o’ylab ish qiladi, ayollarni hurmat qiladi, ishlashiga, rivojlanishiga yo’l beradi degan umiddaman. U zamonaviy fikr yuritishi, mamlakat uchun xizmat qilishi kerak", - deydi Hadariy.

Tolibon saylovlarni izdan chiqaramiz deya do’q-po’pisa qilgan, saylovchilarni qo’rqitish uchun undan oldin xurujlar uyushtirgan edi. Saylov kuni zo’ravonliklarning oldini olish uchun puxta xavfsizlik choralari ko’rildi. Politsiyachi ayollarga saylov uchastkalarida ovoz berishga kelgan ayollarni tekshirish o’rgatildi.

Afg’onistonda saylovning deyarli tinch o’tganidan Oq uy ham, Kongress ham mamnun. Muhimi, deydi kuzatuvchilar, g’olib e’lon qilinganidan so’ng mamlakat zo’ravonlikka qaytmasa bo’lgani.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG