AQSh qo'mondoni: Afg'onistonda oz sonli qo'shin qoldirish zarur

  • Amerika Ovozi

AQSh harbiy kuchlarining Afg’onistondagi qo’mondoni general Jozef Danford

AQSh harbiy kuchlarining Afg’onistondagi qo’mondoni general Jozef Danford

AQSh harbiy kuchlarining Afg’onistondagi qo’mondoni general Jozef Danfordning aytishicha, Karzay hukumati Qo’shma Shtatlar bilan xavfsizlik bitimini imzolashni cho’zayotgan bo’lsa-da, AQSh mamlakatda qo’shinlarining bir qismini qoldirishi lozim.

Prezident Barak Obama yil oxirigacha Afg’onistondan barcha qo’shinlarni chiqarishni buyurgan bo’lsa-da, bu vazifani bajarishga mas’ul general Jozef Danford Kongressdagi tinglovda qonunchilarga askarlarning barchasini olib chiqsak, keyin pushaymon bo’lamiz, deydi.

"Meni tashvishga solayotgan narsa shuki, biz ketgandan so’ng afg’on xavfsizlik kuchlari zaiflashib, mamlakatda vaziyat izdan chiqadi. Bunga aminman, biz faqat qachon shunday bo’lishi ustida tortishmoqdamiz, xolos", - deydi qo’mondon.

Danfordga ko’ra, AQSh qo’shinlari Afg’onistonni tark etganidan so’ng jangarilar va terrorchilar dadillashib, kuchga to’ladi va yana Amerikaga xavf sola boshlaydi.

"10 yillik urushda qo’lga kiritilgan yutuqlar chippakka chiqadi", - deydi general.

Obama ma’muriyati askarlarning bir qismi 2014-yildan keyin mamlakatda qolishi uchun prezident Hamid Karzay AQSh bilan ikki tomonlama xavfsizlik bitimini imzolashi zarur, deydi. Biroq afg’on rahbari bundan bosh tortib kelmoqda.

5-aprelda Afg’onistonda prezident saylovlari o’tkaziladi. Nomzodlarning aksariyati saylansa, hujjatni imzolashini aytmoqda. Kutishga majburmiz, deydi general Danford.

"Yangi prezident avgustgacha ishga tushsa, rejalashda muammo bo’lmaydi deb o’ylayman", - deydi u.

Danford Senat Qurolli kuchlari qo’mitasida qonunchilar savollariga javob berdi. Kongress a’zolari Afg’onistonda nimaga erishilgani haqida turlicha fikrda. Demokrat senator Jo Manchinning aytishicha, uning G’arbiy Virjiniyadagi saylovchilari Amerika qo’shinlari Afg’onistonda nima qilayotganiga tushunmaydi.

"Men ularga askarlarni u yerda noma’lum muddat ushlab turishimiz kerak deb aytishim kerakmi endi? Agar ishning uddasidan 10, 12, 13 yilda chiqa olmasangiz, uzoqroq qolishdan, ishni cho’zishdan foyda yo’q", - deydi Manchin.

Qurolli kuchlar qo’mitasi raisi, demokrat Karl Levinning aytishicha, amerikaliklar xalqaro koalitsiya kuchlarining Afg’onistondagi yutuqlaridan bexabar. Qo’shinlar chiqib ketsa, hammasi barbod bo’ladi, deydi senator.

"O’tgan yil yozidagi janglar paytida afg’on kuchlari Tolibonga birorta tuman yoki shahar markazini ishg’ol qilishga imkon bermadi. Sakkiz milliondan ziyod bola hozir maktabga qatnaydi. Bu 2001-yilgidan sakkiz baravar ko’p. Ona va bola o’limi keskin kamaydi. Afg’onistonda o’rtacha hayot davomiyligi 62 yoshga teng hozir. Tolibon paytida 45 yosh edi", - deydi Levin.

Senatorning aytishicha, yaqinda Afg’onistonda o’tkazilgan ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, aholining katta qismi Tolibonning hokimiyatga qaytishini istamaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG