Afg'oniston iqtisodiyotining 98 foizi tashqi yordamga bog'liq

  • Amerika Ovozi

Rayan Kroker AQShning Afg'onistondagi yangi elchisi lavozimiga ko'rsatilgan. Senat tasdig'idan o'tishi kerak.

Rayan Kroker AQShning Afg'onistondagi yangi elchisi lavozimiga ko'rsatilgan. Senat tasdig'idan o'tishi kerak.

AQSh Senati Tashqi aloqalar qo'mitasi tahliliga ko'ra, Afg'onistonda davlatchilikni yaratishga qaratilgan sa'y-harakatlar nisbatan muvaffaqiyatli kechmoqda. Biroq xorijiy qo'shinlar mamlakatni 2014-yilda tark etganidan so'ng Kobuldagi hukumat uzoqqa bormasligi mumkin.

Qo'mita hisobotida aytilishicha, Qo'shma Shtatlar so'nggi 10 yilda Afg'oniston hukumatiga salkam 19 milliard dollarlik yordam uzatgan. Ammo yordam hajmining kattaligi oqibatida Afg'onistonda iqtisodiy taraqqiyotga e'tibor berilmay, korrupsiya barq urdi. Oyiga o'rtacha 320 million dollarlik yordam dasturlari afg'on iqtisodiyoti daromadining 98 foiziga teng, deyiladi Senat qo'mitasi hujjatida.

Unga ko'ra, 2014-yilda xorijiy qo'shinlar Afg'onistonni tark etib, yordam keskin qisqargach, mamlakat jiddiy iqtisodiy tushkunlikka uchraydi.

Bu o'rtada prezident Obama tomonidan Afg'onistonda elchilik lavozimiga tayinlangan Rayan Kroker Senat tasdig'idan o'tish umidida Tashqi aloqalar qo'mitasida qonunchilar savollariga javob bergan. Uning aytishicha, Afg'oniston kelajagi ko'p jihatdan qo'shni Pokistondagi jarayonlarga bog'liq. Bu mamlakatda jangarilarga qarshi operatsiya muvaffaqiyatli kechmas ekan, Afg'onistonda tinchlik hali-beri qaror topmaydi.

Al-Qoida va Tolibon Pokistonning Shimoliy va Janubiy Vaziriston mintaqalarida faol bo'lib, AQSh bu hududlarni vaqti-vaqti bilan pilotsiz samolyotlar yordamida nishonga olib turadi.

Elchilikka nomzod Rayan Krokerning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Afg'onistonda qo'shinlarini chiqarishga hozirlik ko'rar ekan, bu ishni vaziyatga qarab amalga oshirgan ma'qul. Bundan ruhlangan jangarilari hujumlarini kuchaytirish ehtimoli yuqori, deydi diplomat.

Kroker Iroq va Pokistonda elchilik qilgan. Afg'onistonda ham diplomatik xizmatda bo'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG