AQSh qonunchilari: Afg’onistonni tark etish vaqti-soati yetdi


Kapitoliy, AQSh Kongressi binosi

Kapitoliy, AQSh Kongressi binosi

AQSh Kongressida ikki partiyaga mansub bir guruh qonunchilar Obama ma’muriyatidan Afg’onistondan qo’shinlarni tezroq olib chiqishni so’ramoqda.

Ular nazarida al-Qoida rahbari Osama bin Laden o’lganidan so’ng AQShning Afg’onistondagi missiyasi ham poyoniga yetgan.

Massachusets shtatidan demokrat kongressmen Jeyms Makgovern shuni eslatadiki, 2001 yili bu mamlakatga bostirib kirishning asosiy sabablaridan biri Osama bin Ladenni qo’lga olish yoki yo’q qilish edi.

Respublikachi qonunchi Jeyms Makgovern

Respublikachi qonunchi Jeyms Makgovern

“Amerika xalqi Afg’onistonda urush uzluksiz davom etishiga qarshi. Al-Qoida va uning yetakchilari iziga tushish bosh maqsad edi, ammo keyinchalik al-Qoida Afg’onistonda emasligini tushunib yetdik. Osama bin Laden bu davlat chegarasidan yuzlab kilometr narida, Pokistonda yashiringan ekan”, - deydi kongressmen.

Barak Obamaning partiyadoshlari, bir guruh demokratlar Afg’onistondagi harbiy missiyaga imkon boricha tezroq nuqta qo’yishni so’rab kelayotgan edi. Bin Ladenning o’limidan keyin bu masala yana muhokamaga chiqdi.

Raqib respublikachilar safida esa “Afg’oniston kelajagi haqida gap ketganda sana belgilash to’g’ri emas, Amerika zobitlari u yerda kerakli muddatgacha qolishi kerak”, deyayotganlar ko’p.

Biroq partiyaning Shimoliy Karolinadan vakili Volter Jons fikricha, Amerikaning o’zida sarf-xarajatni kamaytirish borasida keskin munozaralar ketayotgan bir paytda, korrupsiya botqog’iga botgan Afg’onistonga mablag’ ajrataverish mantiqsiz.

“Mablag’ni tejash uchun o’zimizning mamlakatda ijtimoiy dasturlarni kamaytirayapmiz, ammo Afg’onistondagi yulg’ichlarga oyiga 8 milliard dollar ajratish to’g’rimi, deb hech kim so’ramaydi”, - deydi kongressmen.

Vakillar Palatasida demokratlar sardori Nensi Pelosi va respublikachi spiker Jon Beyner

Vakillar Palatasida demokratlar sardori Nensi Pelosi va respublikachi spiker Jon Beyner

Vakillar Palatasida demokratlar sardori Nensi Pelosi askarlarni vatanga qaytarishga doir qonun loyihasiga qo’l qo’ymagan. Yaqinda Afg’onistonga safar qilib, vaziyat bilan tanishib qaytgan qonunchi xavfsizlik uchun javobgarlikni afg’on kuchlari topshirish ishlari avjida, deydi.

“Elchidan tortib, yuqori lavozimdagi qo’mondonlar va oddiy odamlar bilan ham gaplashdim. U yerda keragidan ortiq qolish niyatimiz yo’q. Amerikaliklar urushdan charchagan”, - deydi Pelosi.

Vakillar Palatasi spikeri, respublikachi Jon Beynerga ko’ra, AQSh Afg’oniston va Pokistondagi urushga doir majburiyat va va’dalarini bajarishi shart.

“Jahon bo’ylab erkinlik va ozodlik uchun kurash davom etadi. Murakkab va xatarli bir zamonda yashayapmiz. Terrorizm ildizga bolta urish Amerika manfaatlariga javob beradi. Shuning uchun Afg’oniston va Pokistondagi tashabbuslar o’ta muhim”, - deydi Jon Beyner.

Prezident Barak Obama AQSh qo’shinlari 2014 yilda Afg’onistonni butunlay tark etadi, deb kelgan. Osama Bin Laden o’ldirilgach ushbu reja o’zgarganiga doir biror ma’lumot yo’q.

Kongress masalaga aniqlik kiritishni so’ramoqda. Xalq fikrini o’rganish maqsadida o’tkazilgan so’rovlar natijasiga ko’ra, amerikaliklarning yarmidan ko’pi 10 yillik urushdan to’ygan.

XS
SM
MD
LG