Afg'oniston prezidenti AQSh bilan shartnoma imzolaydimi?

  • Amerika Ovozi

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay AQSh bilan ikki tomonlama xavfsizlik shartnomasini imzolashga rozilik berganicha yo’q. Ushbu hujjat Amerika qo’shinlarining 2014-yildan keyin Afg’onistondagi harakatlari ko’lami va mohiyatini belgilaydi. Karzay ko’p yillardan beri AQSh hamkori bo’lib kelgan, ammo prezidentlik muddati yakuniga yetay deganda uning Vashington bilan kelishmovchiliklari kuchaydi.

Amerikaning jangovar qo’shinlari Afg’onistondan rejaga ko’ra olib chiqilyapti. Xuddi shu rejaga muvofiq, NATO va AQSh askarlarining bir qismi mahalliy xavfsizlik kuchlarini tayyorlash va tinchlikni saqlash maqsadida mamlakatda qolishi lozim, ammo afg’on hukumati bunga imkon beruvchi bitimni hozircha imzolamagan.

Prezident Karzay AQShdan Tolibon bilan muzokaralarda asosiy rol o’ynashni va afg’on xonadonlariga tunda bostirib kirish amaliyotini to’xtatishni talab qilmoqda.

Talablar asossiz, deydi AQShning Afg’onistondagi sobiq elchisi Piter Tomsen.

“Karzay Qo’shma Shtatlar Pokiston hukumatini Tolibon bilan sidqidildan muzokara olib borishga majbur qila olmasligini yaxshi tushunadi. Tungi reydlarga kelsak, biz qo’limizdan kelganini qilyapmiz,” - deydi u.

Vashingtondagi Tinchlik instituti mutaxassisi Skott Smit esa Karzay pozitsiyasi ortidagi sabablar xususida boshqacha fikrda.

“Uni jiddiy bezovta qilayotgan bir necha masala bor. Biri, Karzay fikricha, suverenitetning toptalayotgani. Xonadonlarga reydlar, xalqaro kuchlar harakati tufayli tinch aholi orasidagi talofatlar ham uni tashvishga solmoqda. Bu masalalarni qayta-qayta ko’targan afg’on rahbari uning fikriga jiddiy e’tibor qaratilmagani bois ham hozir xavfsizlik bitimini inkor etmoqda,” - deydi u.

“Amerika Ovozi” muxbiri Akmal Daviy yaqinda Afg’onistonda bo’lib, prezidentlikka nomzodlar bilan suhbatlashdi, xalq orasidagi kayfiyatni o’rgandi.

"Ko’plar bu shartnoma Afg’oniston kelajagi uchun nihoyatda muhim, 2014-yildan keyin afg’on qo’shinlari xalqaro yordamsiz isyonchilarga bas kela olmaydi, degan fikrda. Shu bois AQSh va NATO bilan hujjatlarni imzolash kelajakda hokimiyatning toliblar qo’liga tushishidan saqlab qoladi degan fikr mavjud”.

Unda nega Karzay hujjatni imzolamayapti?

Piter Tomsen:

“Qo’shma Shtatlar Karzayni prezidentlikkacha ko’targan. Afg’onlar esa xorij yordami bilan hokimiyatga kelganlarni yoqtirmaydi. Karzay hamon shundan xavotirda. Prezidentlikdan ketishga tayyorlanarkan, bu tasavvurni o’zgartirishga harakat qilmoqchi”.

Boshqa ekspertlar fikricha esa prezident Karzay shartnomani imzolamay o’z ta’sirini saqlab qolmoqchi, u bilan hisoblashishlarini istaydi.

“Karzay AQSh va xalqaro hamjamiyatga ikki tomonlama xavfsizlik bitimini taklif etishni istamay turibdi. Chunki ma’lum ma’noda hujjatni imzolash bilan u o’z prezidentligiga nuqta qo’ygan bo’ladi. Shuning uchun u bu masalani iloji boricha cho’zishga harakat qiladi,” - deydi Smit.

Aksariyat mutaxassislar Vashington va Kobul o’rtasidagi kelishuv imzolanishiga shubha qilmaydi. Bu prezident bo’lmasa, keyingisi hujjatni albatta yoqlaydi, deydi ular.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG