Breaking News

Afg’on-Amerika ziddiyati qo’shinlarning chiqishiga pand berishi mumkin


Karzay Amerika maxsus kuchlari bilan xizmat qilayotgan afg’onlarni Vardak aholisini qiynoqqa solganlikda ayblab, amerikaliklardan viloyatni bo’shatishni so’ragan.
Karzay Amerika maxsus kuchlari bilan xizmat qilayotgan afg’onlarni Vardak aholisini qiynoqqa solganlikda ayblab, amerikaliklardan viloyatni bo’shatishni so’ragan.
Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay va AQSh qo’mondonlari o’rtasidagi ziddiyat xalqaro qo’shinlarni olib chiqish rejasiga pand berishi mumkin. Qo’shma Shtatlar Tolibon bilan zimdan gaplashayotgani hamda Amerika maxsus kuchlari begunoh odamlarni qiynoqqa solgani haqidagi ayblovlar oradagi ishonchini yemiryapti.

Yuzlab odamlar “Amerikaga o’lim” shiorlari bilan sharqdagi Vardak viloyatidan poytaxt Kobul tomon yurib AQShdan qo’shinlarini olib chiqishni talab qildi.

Karzay Amerika maxsus kuchlari bilan xizmat qilayotgan afg’onlarni Vardak aholisini qiynoqqa solganlikda ayblab, amerikaliklardan viloyatni bo’shatishni so’ragan.

“Vardakdagi maxsus qo’shinlarga qarshi namoyish qilish uchun to’plandik, chunki ular begunoh insonlar uyiga kirib, ularni qiynamoqda”, - deydi namoyishchilardan biri.

Vashington bu da’volarni rad etmoqda. Maxsus kuchlar hali Vardakdan chiqqani yo’q.

Viloyat Kobulga yaqin bo’lib, uning xavfsizligi jangarilarni poytaxtga yo’latmaslik uchun muhim hisoblanadi.

Qizg’in tortishuvdan so’ng tomonlar amerikalik askarlarni viloyatdan bosqichma-bosqich olib chiqishga kelishib oldi.

Bundan tashqari, prezident Karzay Oq uyni Tolibon bilan muloqotga kirganlikda ayblamoqda.

“Toliblar, amerikaliklar, yevropaliklar va Fors ko’rfazi davlatlari har kuni gaplashayotgani haqida ma’lumot bor”, - deydi Karzay.

Karzay da’volari Amerika Mudofaa vaziri, Afg’onistonga borgan Chak Xeygelning ko’nglini xira qildi. Ikki arbob ishtirokida rejalangan matbuot anjumani va Bagram qamoqxonasini afg’on tomoniga topshirish marosimi so’nggi pallada bekor qilindi.

“Tolibon bilan bir tomonlama muzokara qilayotganimiz haqidagi gaplarning yolg’on ekanini afg’on rahbariga aytdim", - deydi Xeygel.

Tinchlik jarayonini jonlantirishga qaratilgan AQSh-Tolibon muloqoti bir yil oldin to’xtagan edi.

Afg’onistonga so’nggi paytlarda borib kelgan tahlilchilar nazarida hozirgi pallada muzokaralardan foyda bo’lmaydi.

Entoni Kordsmen Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazida ishlaydi.

“Tinchlik muzokaralari samimiy bo’lmaydi, urush boshqacha tus olishi mumkin, xolos degan xavotirlar mavjud”, - deydi u.

Afg’oniston armiyasi va politsiyasining soni ayni damda 350 mingdan oshiq bo’lsa-da, amerikalik tahlilchilar nazarida ular butun mamlakat xavfsizligini ta’minlashga qodir emas.

Kelasi yilga prezident saylovlari belgilangan, biroq xavfsizlik va boshqaruv tizimida muammolar talaygina.

“Oldinda bizni katta ziddiyatlar kutyapti. Kim bilan gaplashmaylik, hamma nima bo’lishidan xavotirda”.

Afg’onistonda AQShning 66 ming sonli qo’shini bor. Kelasi yilgacha yarmi mamlakatni tark etishi kutilmoqda.

2014-yilda xalqaro kuchlarning asosiy qismi Afg’onistondan chiqishi rejalangan ekan, qanchasining qolishi xususida haligacha bir qarorga kelinmagan.

AQSh-Afg'oniston orasidagi keskinlik/US-Afghan tensions
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:58 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG