NATO qo'mondoni: Afg'oniston kelajagiga umid bilan qarayapmiz

  • Amerika Ovozi

Admiral Jeyms Stavridis

Admiral Jeyms Stavridis

NATO qo’shinlarining Afg’onistondagi qo’mondoni Tolibonga qarshi kuchli harbiy bosim davom etayotgani haqida gapiradi. Natijada jangarilar hukumat bilan murosa qilishga majbur bo’ladi, degan qarashlar bor. “Amerika Ovozi” bilan intervyuda admiral Jeyms Stavridis Afg’oniston kelajagiga umid bilan qarayotganini aytadi.

Admiral Stavridis ilgari Afg’oniston kelajagining ijobiy ekaniga “ehtiyotkorlik bilan umid qilaman” degan edi. Endi esa Afg’onistonda Tolibon faollashgani va xalqaro qo’shinlarga hujumlar ko’payganiga qaramay umidlari kuchayganini aytadi.

“Ilgariga qaraganda hozirda umidlarim kattaroq. Umid baxsh etuvchi bir raqamni sizga oshkor etmoqchiman. Hujum va talofatlar tashvishga sabab bo’lsa-da, ular o’tgan yilga qaraganda 30 foizga kamaydi. Ha, bundan xursandmiz, albatta. Buning sababi shuki, afg’onlar vaziyatni o’z qo’liga olmoqda”, - deydi u.

Ammo afg’on xavfsizlik kuchlari orasida qurbonlar soni 30 foizga oshdi, deya e’tirof etadi admiral.

Ichki hujumlarni kamaytirish - eng katta vazifalardan. Harbiyga ko’ra, xalqaro qo’shinlar tekshiruvlar va qo’shma operatsiyalar davomida xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirishi kerak. Shu maqsadda qo’shma patrul faoliyati qayta tiklandi, deydi Stavridis.

“Men bundan juda xursandman. Muammo aniqlandi va u hal etilmoqda. Harbiy operatsiyalarimiz endi muvaffaqiyatliroq bo’ladi”, - deydi u.

Qo’shma operatsiyalardan maqsad – 350 ming afg’on xavfsizlik kuchlarini vaziyatni mustaqil ravishda nazorat qilishga o’rgatishdir. Ayni vaqtda NATO qo’mondonligi Afg’oniston hukumati bilan birgalikda toliblarga qarshi kurashni jadallashtirgan.

Londondagi “Qirollik Birlashgan Xizmatlari” tadqiqot instituti rahbari Maykl Klarkning aytishicha, asosiy vazifa xalqaro qo’shinlar 2014-yil oxirida mamlakatni tark etganidan so’ng zo’ravonliklarning ko’paymasligini ta’minlashdan iborat.

“NATO mamlakatda samarali ishlaydigan xavfsizlik tizimini barpo etganiga ishonchim komil. U keyinchalik ham samarali ishlashda davom etadimi? Bu unga ko’rsatiladigan bosim darajasiga bog’liq bo’ladi. Tolibon bu xavfsizlik tizimiga kuchli bosim o’tkazsa, turib berolmasligi mumkin, deb qo’rqaman”, - deydi tadqiqotchi.

Hozir NATOning 100 ming askari hamon Afg’onistonda. Admiral Stavridis Tolibonga qarshi bosim ko’rsatish davom etishini ta’kidlaydi.

“Isyonchilarga juda katta bosim ko’rsatilyapti. Bosim qanchalik katta bo’lsa, nizoni siyosiy yo’l bilan hal qilishning imkoni shuncha oshadi”, - deydi u.

Taraflar o’rtasidagi tinchlik muzokaralari shu paytgacha jiddiy samara bergani yo’q. Afg’oniston hukumat qo’shinlarining professional darajasi oshib bormoqda. Hamkorlar ham Tolibon bilan kurashda muvaffaqiyatga erishayotganini aytadi. Tahlilchilar fikricha, xalqaro qo’shinlarni mamlakatdan olib chiqish muddati yaqinlashgan sari Tolibon bilan murosaga erishish imkonlari ham oshadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG