AQSh Tolibon bilan ochiq muzokara boshlaydi

  • Amerika Ovozi

Muhammad Naim (o'ngda), Tolibon so'zlovchisi, Dohada so'zlamoqda, 18-iyun, 2013

Muhammad Naim (o'ngda), Tolibon so'zlovchisi, Dohada so'zlamoqda, 18-iyun, 2013

AQSh rasmiylari 12 yillik urushdan so’ng Tolibon bilan to’g’ridan to’g’ri muzokara olib borishga tayyorligini ma’lum qildi. Ammo bu Afg’oniston hukumatining noroziligiga sabab bo’lmoqda. Ayni paytda tahlilchilar bunday so’zlashuvlar tezda samara berishini kutish noto’g’ri, deya ogohlantirmoqda.

Tolibon Qatarning Doha shahrida yangi qarorgoh ochdi. Afg’onistondagi mojaro siyosiy yo’l bilan hal etilishi kerak, demoqda harakat vakillari.

AQSh rasmiylarining aytishicha, toliblar bilan birinchi uchrashuv shu hafta o’tishi rejalashtirilgan.

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay ham o’z vakillarini Qatarga yuborayotganini aytdi.

“Shart shuki, Qatarda boshlangan muzokaralar zudlik bilan Afg’onistonga ko’chishi kerak. Ikkinchidan, bu muloqot Afg’onistondagi zo’ravonlikka chek qo’yishi lozim. Uchinchidan, bu muzokaralar uchinchi mamlakatlarning Afg’oistondagi manfaatlari yo’lida vosita bo’lib qolmasligi kerak”, - deydi Afg’oniston rahbari.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Jen Psakiga ko’ra, Afg’oniston yetakchilik qilgan va olib borgan tinchlik jarayoni bu mamlakat hamda butun mintaqada zo’ravonliklarga chek qo’yish va uzoq muddatli barqarorlik o’rnatishning eng to’g’ri yo’lidir.

Qatardagi muzokaralar urushni tugatishga qaratilgan birinchi rasmiy tinchlik muzokaralari bo’ladi.

AQSh Tinchlik institutining afg’on dasturi rahbari Endryu Uaylder fikricha, bunday so’zlashuvlarning tez orada samara berishiga umid yo’q.

“Boshqa joylardan olingan saboqlarga qarasak, bu yerdagi mojaro tezda hal bo’lmasligini tushunamiz. Katta natija bo’ladi, deb umid qilish noto’g’ri. Mojaro kelasi bir necha oyda butunlay hal bo’ladi, deb o’ylamayman. Chunki Afg’onistondagi urush o’ttiz yildan beri davom etmoqda”, - deydi tadqiqotchi.

AQShning Siyosiy tadqiqotlar instituti eksperti Jon Feffer esa Tolibon harakatining ayrim a’zolari kutish taktikasini tanlaydi, degan fikrda.

“Ular Karzay o’rniga kim saylanishini kutadi. So’ngra so’nggi zo’ravonliklardan so’ng qaysi hududlarni nazorat qila olishini sanab chiqishga harakat qiladi”, - deydi Feffer.
Tolibon bilan muzokaralar rejasi afg’on qo’shinlari butun mamlakat ustidan nazoratni o’z zimmasiga olgan kuni e’lon qilindi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG