AQSh Afg'onistonda qo'shinlari sonini oshirishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Tramp ma’muriyati Afg’onistonga uch mingdan besh minggacha askar yuborish ustida o’ylanmoqda. AQSh Tolibonga qarshi 15 yil oldin boshlagan urush hanuz nihoyasiga yetgani yo’q.

Ayni damda mamlakatda 8400 xalqaro qo’shin harakatlanmoqda, aksariyati amerikaliklar.

Harbiy kampaniyadan 15 yil o’tib Tolibon hamon jiddiy kuch, bir necha shahar uning qo’lida.

AQShning Afg’onistondagi kuchlari qo’mondoni general Jon Nikolson mahalliy askarlarni tayyorlash va ularga yordam berish uchun Amerika harbiylari sonini oshirishni so’ramoqda.

Biroq ayrim tahlilchilarga ko’ra, taklifdagi qo’shinlar miqdori Tolibonni yengish uchun kamlik qiladi, ammo ularni muzokaraga chorlashga majburlashi mumkin.

Londonlik mutaxassis Keyt Klarkning aytishicha, qo’shimcha askarlar bilan afg’on hukumatiga o’z nazoratidagi hududlarni ushlab turishga, ba’zi rayonlarni hatto ozod etishga yordam berish, Tolibonni muzokara stoliga o’tirishga majbur qilish mumkin.

Biroq toliblarni muzokaraga qo’shilishga undash oson bo’lmaydi. Shu hafta harakat muloqot rejasidan voz kechib, muzokaralarni mag’lubiyatga tenglashtirdi.

Islomobodlik tahlilchi Mariya Sultonning aytishicha, vaziyat hukumat foydasiga o’zgaradigan bo’lsa, jangarilar qarshilikni davom ettirish fikridan qaytishi mumkin, albatta, ammo shu bilan birga, ularning shashti ham oshishi mumkin.

“Amerika askarlari Afg’oniston va afg’on tinchligi uchun ba’zida barqarorlashtiruvchi, ba’zida esa beqarorlashtiruvchi kuch bo’lib kelgan. Toliblarning asosiy e’tirozi mamlakatda ajnabiy kuchlarning qolayotganidadir. Bu hol vaziyatni beqarorlashtirishda davom etmoqda”, - deydi mutaxassis.

Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani va mahalliy rasmiylar AQSh aksarlari sonini oshirish g’oyasini olqishlamoqda. Tramp bu masalani shu oy NATO majlisida hamkor davlatlar bilan muhokama qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG