Afg'oniston xavfsizligi yuzasidan bahslar davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh askarlari xudkushlik hujumi sodir bo'lgan joyni tekshirmoqda, Kobul, 10-fevral, 2014-yil.

AQSh askarlari xudkushlik hujumi sodir bo'lgan joyni tekshirmoqda, Kobul, 10-fevral, 2014-yil.

Shu yil so’ngida AQSh askarlari Afg’onistonni tark etgandan so’ng AQSh-Afg’oniston aloqalarining qanday davom etishi masalasida bahslar davom etmoqda. Ayniqsa, ikki o’rtada tuzilgan xavfsizlik shartnomasi imzolanmasa, Afg’oniston o’z xavfsizligini o’zi ta’minlashiga to’g’ri kelishi mumkin.
AQShning Afg’onistondagi 12 yillik missiyasi o’z nihoyasiga yetmoqda. Urush domiga tortilgan bu mamlakatni barqarorlashtirish va fuqarolar hayotini himoya qilish maqsadida Vashington yuzlab milliard dollar sarfladi.

Kobul bilan tuzilgan xavfsizlik kelishuviga ko’ra, oz sonli AQSh askarlarining 2014-yildan keyin ham mamlakatda qolishi ko’zda tutilgan. Ammo Afg’oniston prezidenti ushbu hujjatni imzolashni ortga surar ekan, xalqaro kuchlarning mamlakatni butunlay tark etishi ehtimoli bor.

Vashingtonda o’tgan forumda AQSh elchisi Mark Grossman terror guruhlarining yana kuchayishi xavfi mavjudligi bois AQSh kuchlarining qolish muddatini uzaytirish lozimligini aytadi.

“Al-Qoida Afg’onistonda o’z faoliyatini qayta tiklayotgani haqidagi xabarlar xavfsizlik shartnomasini tezroq imzolashni taqozo etadi”, - deydi u.

Aprel oyida Afg’onistonda prezidentlik saylovlari bo’lib o’tadi. Diplomat Jeyms Dobbinsning aytishicha, xalqaro kuchlarning davomiy qo’llab-quvvatlovisiz bu saylovlarning kelajakda tinchlik va barqarorlik olib kelishiga kafolat yo’q.

“Boshqa tomondan, xavfsizlik bitimi imzolangan taqdirda ham, agar saylovlar adolatsiz o’tsa, barqarorlik va taraqqiyotga tahdid yuqoriligicha qoladi. Demak, Afg’oniston har ikkisiga ham muhtoj”, - deydi u.

Jurnalistlar xavfsizligi qo’mitasi rahbari Najib Sharifiyning aytishicha, xavfsizlik shartnomasining amal qilmasligi mamlakatdagi jurnalistlar ishiga ham salbiy ta’sir ko’rsatadi.

“Xavfsizlik kelishuvining ijroga kiritilmasligi va iqtisodiy yordamning kesilishi Afg’onistonda matbuot uchun, so’z erkinligi uchun yangi muammolarni yaratadi”, - deydi u.

Afg’onistonning AQShdagi elchisi Eklil Hakimiyning aytishicha, Afg’oniston xalqaro hamjamiyat yordami bilan har qanday tahdidni bartaraf eta oladigan kuchli armiyani yarata oldi.

“2014-yildan keyin bizni kutayotgan muammolarni kuchli armiya, politsiya va ravedka agentliklari yordamida bartaraf eta olamiz”, - deydi u.

Afg’oniston rasmiysining ta’kidlashicha, texnika ta’minoti va harbiy tayyorgarlik masalasida Kobul xalqaro hamjaiyat yordamiga ehtiyoj sezishda davom etadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG