General Kempbel: AQSh askarlari Afg'onistonda uzoqroq qolishi mumkin

  • Amerika Ovozi

AQShning Afg'onistondagi kuchlari qo'mondonining aytishicha, Prezident Ashraf G'ani Amerikadan mamlakatni tark etishga shoshilmaslikni so'ragan. Ayni paytda Obama ma'muriyati bu boradagi rejalarni ko'rib chiqmoqda, deydi general Jon Kempbel. AQShning Afg'onistondagi harbiy missiyasi 2017-yilga borib butunlay tugashi belgilangan. Mavzuni Behzod Muhammadiy davom ettiradi.

AQSh tarixidagi eng uzun urushning oxiri ko'rinib qoldi. Ammo Afg'onistondagi askarlar sonini joriy yilda 6000 gacha kamaytirish rejasining qachon amalga oshishi hanuz mavhum, deydi Senatda hisobot bergan general Jon Kempbel.

"Prezident G'ani ishonchli va yaxshi hamkor. U AQSh va NATOdan askarlarni olib chiqish rejasiga bir oz o'zgartirish kiritishni so'rayapti. Chunki hukumat hanuz o'tish bosqichida. Men o'z qo'mondonligim ostidagi kuchlar sonini o'zgartirish xususida bir necha taklif berganman", - dedi general.

Respublikachilar yetakchiligidagi Kongress AQSh harbiylarining Afg'onistondan erta ketishiga qarshi. Qonunchilarga ko'ra, "Islomiy davlat" guruhining o'sishiga Amerika askarlarining Iroqni erta tark etishi sabab bo'lgan. Senator Jon Makkeyn Afg'onistonda ham shu xato takrorlanmasin, deydi.

"Hududni tark etish bo'shliq yaratadi. Iroq va Suriyada bo'shliq nima bilan to'lishini ko'rdik. Afg'oniston hukumati boshqaruvidan xoli hududlar, xuddi Iroqda bo'lganidek, terrorchilarning urchishiga sabab bo'ladi", - deydi senator Makkeyn.

AQShning Afg'onistondagi sobiq elchisi Rayan Kroker ham shundan xavotirda.

"Askarlarni olib chiqish bilan urush nihoyasiga yetmasligini tushunishimiz kerak. Dushmanlarimiz shuni kutib turibdi. Afg'oniston harbiylari va politsiyasini qo'llab-quvvatlash uchun ma'lum kuchlarni qoldirishimiz kerak", - deydi u.

Obama ma'muriyati esa askarlar bosqichma-bosqich olib chiqilishini ta'kidlamoqda.

"Prezident kuchlarni bosqichli tarzda olib chiqish haqida ko'rsatma bergan. Bu orada xavfsizlikka oid vaziyatga qarab bu rejalarga o'zgartirish kiritilishi mumkin", - deydi Oq uy so'zlovchisi Josh Ernest.

General Kempbelning aytishicha, Ashraf G'ani prezident bo'lgandan beri xalqaro kuchlar va Afg'oniston hukumati o'rtasidagi munosabatlar yaxshilangan. Shuningdek, AQSh kuchlarining mamlakatda qolishini belgilovchi xavfsizlik bitimi ham imzolangan. Generalning ta'kidlashicha, amerikaliklardan saboq olgan afg'on askarlari urush maydonida ishonchni oqlayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG