​Janubiy Afrikada aparteid rejimi qulaganiga 20 yil bo’ldi

  • Amerika Ovozi

Janubiy Afrika poytaxtida Nelson Mandelaga o'rnatilgan haykal. Keyptaun. 28-aprel 2014.

Janubiy Afrika poytaxtida Nelson Mandelaga o'rnatilgan haykal. Keyptaun. 28-aprel 2014.

1984-yilgacha Janubiy Afrikada aparteid tuzumi mavjud edi. Mamlakatda oq tanlilar, ozchilik bo’lsa-da, qora tanlilar ustidan hukmronlik qilib, yillar davomida ularning huquqlarini toptagan. Aparteidga qarshi eng kuchli va samarali harakatlardan biri AQShda 1980-yillarda tuzilgan edi.

Janubiy Afrikada aparteid tuzumiga qarshi kurash avj olganida amerikaliklar bu voqealarni diqqat bilan kuzata boshlagan.

Xabarlar AQShda yangi bir harakatga turtki bergan.

“Janubiy Afrikadagi aparteidni qoralamasak bo’lmasdi”.

AQSh Kongressining sobiq a‘zosi Ron Dellums harakat liderlaridan biri.

U e’tiborni Janubiy Afrikada yashayotgan qora tanlilarning og’ir ahvoli va oq tanli hukmdorlarning adolatsiz siyosatiga qaratdi. Dellums Kongressda aparteidga qarshi qonun loyihasini tanishtirdi. Qonun Janubiy Afrika bilan savdo-sotiq va u yerga sarmoya olib kirishni taqiqlagan. Shuningdek, Dellums qator namoyishlarga boshchilik qilgan.

“Odamlar ko’chaga chiqdi. “Agar janubiy afrikaliklar kaltaklanayotgan, qamalayotgan bo’lsa, biz ham norozilik bildirishimiz kerak”, - dedi ular. “Biroz qiynalsak, mayli, muhimi – afrikalik opa-singillarimiz va aka-ukalarimiz bilan birga erkinlik uchun kurashish”, dedi”.

Xovard universiteti kutubxonasi rahbari Xovard Dodson Atlanta shahrida, Janubiy Afrika konsulligi oldida o’g’li bilan namoyish uyushtirganini eslaydi.

“Aparteidga qarshi AQShdagi kurash butun dunyoda sado berdi. Boshqa mamlakatlarda ham odamlar namoyishlar uyushtira boshladi. Aparteidning kuni bitganida bu ham, boshqa voqealar ham birdek katta ahamiyatga ega edi”.

Universitetlarda talabalar norozilik bildirdi, namoyishchilar o’quv yurtlari va korporatsiyalarni Janubiy Afrikadan sarmoyalarini chiqarib olishga da’vat etdi.

Nelson Mandelaning nevarasi Tukvini fikricha, AQSh va boshqa o’lkalardagi aksil-aparteid harakat adolatsiz rejimga qarshi kuchli dalda bo’lgan.

"Buvam boshqalar bilan birgalikda bundan juda mamnun edi, chunki tashqi dunyo qo’llovisiz aparteidga qarshi harakatlarimiz samara bermasligi mumkin edi,” - deydi u.

1986-yilda Kongress aparteidga qarshi qonun qabul qildi. Unga ko’ra, Janubiy Afrikaga nisbatan sanksiyalar joriy etildi. Prezident Ronald Reygan qonunga qarshi chiqib, veto huquqini qo’lladi. Ammo bir necha kundan keyin qonunchilar loyihani baribir tasdiqladi.

Sobiq senator, respublikachi Richard Lugar qonunni qo’llab-quvvatlagan.

“Oqibatda Janubiy Afrika siyosatini o’zgartirishga majbur bo’ldi. Darhol emas, albatta, lekin asta-sekin, joriy etilgan sanksiyalar natijasida shunday qildi. Bi esa Nelson Mandelaning ozod etilishiga olib keldi”.

Aparteid 1994-yilda tugatildi. Nelson Mandela Janubiy Afrika prezidenti etib saylandi. Vashingtonga safari chog’ida u amerikaliklarga minnatdorchilik bildirgan.

“Sizlarning aparteidga qarshi kurashingiz bizning mamlakatda o’zgarish boshlanishida qanday rol o’ynaganini tasavvur ham qilolmaysiz,” - degan edi Nelson Mandela.

Ron Dellums esa kurashi uchun eng oliy maqtovni Mandelaning o’zidan eshitgani bilan faxrlanadi.

“U menga qarab, “Ronald Dellums, biz siz haqingizda ko’p eshitganmiz. Siz bizga umid baxsh etgansiz, jonimizni saqlab qolgansiz”, dedi va quchog’ini ochdi. Ko’zlari yoshga to’ldi. Umrimda hech qachon o’sha damlarni esdan chiqarmayman”.

Dellums fikricha, AQShdagi namoyishlar Janubiy Afrika tarixiy yo’nalishini o’zgartirganiga shubha yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG