Afrikada futbol taraqqiyotga chorlovchi omilga aylanmoqda

  • Amerika Ovozi

Chorak asr bo’libdiki, futbolchilar Maykl Mitchell va Deyv Stal dunyoning eng kambag’al mamlakatlarida bolalarga futbol o’ynashni o’rgatib keladi. Axir futbol odamlarga umid baxsh etadi, tinchlik o’rnatishda yordam beradi, deydi ular. Bugunga kelib ushbu futbolchilarning aytganlari ro’yobga chiqmoqda.

Maykl Mitchell va Deyv Stal bir paytlar Shimoliy Karolina shtatining Chiko universiteti futbol jamoasida to’p surgan.

“O’qishni bitirgach, do’stim Tinchlik korpusi safiga qo’shildi va G’arbiy Afrikaga yo’l oldi. O’zi bilan birga futbol to’plarini ham olib ketishga qaror qildi”, - deya hikoya qiladi Stal.

“Futbol dunyo xalqlari o’rtasida umumiy til. Odamlar hamma yerda futbol o’ynaydi, maza qilib to’p tepadi. Bu odamlarni, jamiyatlarni birlashtiradigan o’yin”, - deydi u.

Ikki yil Nigerda ishlagach, Mitchell vataniga qaytdi va yana Chiko universitetiga, magistrlik dasturiga o’qishga kirdi. U tanlagan soha – jismoniy tarbiya. Stal do’stiga diplom ishi uchun mavzu tanlashda yordam berdi. “Afrika, o’yna!” loyihasi deb nomlangan magistrlik ishi futbolning afrikalik bolalar hayotini yaxshilashdagi roli haqida yozildi.

Oradan 15 yil o’tdi. Bu davr ichida ikki do’st diplom ishida yozilgan loyihani amalga oshirish payida bo’ldi. 30 ming dollar mablag’ to’plab, Mitchell va Stal Xitoydan ikki ming dona futbol to’piga buyurtma berdi. Shunisi osonroq edi, deydi Stal.

“Koptoklarni Nigerga yuborush juda qiyin bo’ldi. Chunki bu mamlakat bilan xalqaro tijorat yaxshi yo’lga qo’yilmagan. To’plarni yuborish qimmat, bojxona to’lovlari bor”, - deydi Stal.

Mitchell va Stal Nigerga o’zlari borishga qaror qildi. Avtomobilni ijaraga olib, mamlakat bo’ylab safarga chiqishdi. Qishloq, do’kon, maktab va hatto yo’llarda bolalarga koptok tarqata boshlashdi.

“Bir kuni mashinada ketayotib kichik bir qishloqda futbol o’ynayotgan bolalarni ko’rdik. To’p o’rniga qum solingan paypoqni tepishayotgan ekan. Tasavvur qiling-a! Mashinadan tushdik-da, o’zimizning koptokni tepa boshladik. Ular xursand, bizga qo’shilishdi. Maza qilib o’ynagandan keyin tarjimon orqali “bu koptok endi sizniki, sizlarga qoldiramiz”, dedik. Nima bo’lganini ko’rsangiz edi. Bolalar xursandchiligi ichiga sig’may, osmonga sakradi, qichqirdi. Biz buni videoga tushurdik”, - deydi futbolchi.

2010-yilda Tinchlik korpusi yordamida “Afrika, o’yna!” loyihasi ko’ngillilari qit’aning yana bir mamlakati Beninga bordi. Ammo harakatlar loyihadan ko’zlangan natijani bermayotgan edi.

2011-yilda ular Niger poytaxti Niami yaqinidagi Libore nomli kichik mahallada yangi ish boshlashdi. Bu safar maqsad puxta reja asosida, mahalliy klub va maktablar bilan hamkorlikda barqaror va uzoq muddatli futbol infratuzilmasini barpo etish edi.

Loyiha muvaffaqiyatli chiqdi. Bir yil ichida erishilgan o’zgarishlarni ko’rsangiz, hayratga tushasiz, deydi Stal:

“Ular g’oyani qo’llab-quvvatladi. Xodimlarni ishga olib, futbol ligasi tuzdik va o’yinlarni boshladik. Musobaqalarda ham o’g’il bolalar, ham qizlar qatnashdi. Shunisi yaxshi. Har bir musulmon mamlakatda ham ota-onalar qizlarning futbol o’ynashiga ruxsat beravermaydi. Liboreda bizni qabilalar yetakchilari ham, siyosiy rahbarlar ham quvvatladi. Bu dastur qishloq ahli va maktab rahbariyati g’ururiga aylandi”, - deydi loyiha tashabbuskori Stal.

Hozir Stal hamkasblari bilan arzon va chidamli to’plarni ishlab chiqaruvchi fabrika qidirmoqda. Uni topishimiz bilan loyihani boshqa mamlakatlarda ham boshlaymiz, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG