AQSh Afrikadagi imijini yaxshilashga intilmoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Afrikani AQSh tashqi qiyosatining asosiy yo'nalishlaridan biri etib belgilagan.

Prezident Barak Obama Afrikani AQSh tashqi qiyosatining asosiy yo'nalishlaridan biri etib belgilagan.

Qo’shma Shtatlar Afrikada ekstremizmga qarshi kurash doirasida o’z imijini yaxshilashga urinmoqda. Davlat kotibining muovini Tara Sonenshaynning aytishicha, AQSh yanglish fikr va tasavvurlarni o’zgartirish ustida ishlamoqda.

AQSh rasmiysining “Amerika Ovozi” bilan intervyuda bildirishicha, “afrikaliklarga ekstremizmdan muqobil yo’llar borligini namoyish qilish kerak”.

“Ta’lim olish, ishlash va sifatli tibbiy xizmat olishga intilish kerakligini tushuntirishimiz va buning uchun imkoniyatlar yaratishimiz kerak", - deydi Sonenshayn. - Shunda yoshlar radikal guruhlarga qo’shilmaydi. Vaholanki, so’nggi paytlarda qit’a bo’ylab jangarilarning qonli hujumlari ko’paygan”.

Ular orasida “Boko Haram” islomiy ekstremist guruhi bor. Uning 2009-yildan buyon Nigeriyada uyushtirgan xurujlari oqibatida mingdan ziyod odam nobud bo’lgan. Al-Qoidaga aloqador al-Shabab guruhi ham Somali hukumatiga qarshi terror hujumlarini uyushtirib keladi.

Sonenshayn deydiki, Nigeriya va Malining shimoliy qismida etnik nizolar chuqur ildiz otgan, iqtisodiy ahvol og’ir. Bu esa barqarorlik va xavfsizlikka tahdid.
Fransiya va Afrika qo’shinlari Mali armiyasiga mamlakat shimolida o’rnashib olgan islomiy jangarilarga qarshi kurashda ko’maklashmoqda.

AQSh bu mintaqada fuqaroviy jamiyatni rivojlantirish, pirovardida demokratik tuzumlarni qo’llab-quvvatlash maqsadida mahalliy guruhlar va hukumatlar bilan hamkorlik qilmoqda. Fuqaroviy jamiyat e’tiqod va matbuot erkinligi hamda ayollar huquqlari kabi tamoyillarni anglatadi, deydi Sonenshayn.

Intervyu davomida Davlat departamentining rasmiysi Xitoyning tobora oshib borayotgan qudrati masalasida ham alohida to’xtaldi.

2009-yilda bu mamlakat Afrika bilan savdo hajmi bo’yicha AQShdan o’zib ketdi. Angola, Janubiy Afrika va Sudan Pekinning asosiy savdo hamkorlari.

Xitoy prezidenti Xu Sintao 2012-yilgi Pekin sammiti chog’ida Afrikaga 20 milliard dollarga teng kredit ajratishni va’da qilgan edi.

“Xitoy-Afrika aloqalarining chuqurlashayotgani bizni tashvishlantirmaydi, - deydi Sonenshayn. - Ammo bu hol qit’aga siyosatimizni tushuntirish va raqobat qila olish uchun xalq diplomatiyasidan ko’proq foydalanishimiz kerakligini anglatadi”.

“Dunyo bo’ylab ekstremizm kuchayib borayotgan va Xitoyning global qudrati oshayotgan davrda AQSh oldida turgan asosiy vazifa qanday” degan savolga Vashington rasmiysi “odamlarni nimaiki tashvishlantirayotgan bo’lsa – salomatlikmi, o’qish, ish topish yoki biznes yuritish masalasimi – shunda yordamlashishimiz kerak” deb javob berdi.

Sonenshayn AQSh davlat kotibining xalq diplomatiyasi va jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha muovini. U, shuningdek, Strategik aksil-terrorizm aloqalari markazini nazorat qiladi. Markaz faoliyati doirasiga internetda AQSh haqidagi noto’g’ri fikr va tasavvurlarni keltirib chiqaruvchi keskin izohlarga munosabat bildirish kiradi.

AQShning ta’lim, madaniyat va ilm-fan sohasidagi xorijiy dasturlari ham Sonenshayn zimmasida. U, shuningdek, “Amerika Ovozi” va boshqa davlat ommaviy axborot vositalarini nazorat qiluvchi kengashda Davlat kotibi Jon Kerrining vakili bo’lib xizmat qiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG