AQSh Afrika davlatlariga imtiyoz beruvchi qonun muddatini uzaytirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Marokashdagi avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi zavod, 21-fevral, 2013-yil.

Marokashdagi avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi zavod, 21-fevral, 2013-yil.

AQSh Yevropa Ittifoqining Afrika bilan savdo munosabatlarini yaqindan kuzatib kelmoqda. Chunki Vashington ham bu qit’ada o’z biznes manfaatlarini kengaytirish niyatida. Efiopiya poytaxti Addis-Abebada AQSh va Afrika rasmiylari uchrashib, shu haqda fikr almashdi.
AQSh Afrika tadbirkorlariga imtiyoz beruvchi “Afrika Taraqqiyot va Imkoniyat Akti” nomli qonunning amal qilish muddatini uzaytirmoqchi. Ushbu hujjatga ko’ra, tropik Afrika davlatlari ayrim mahsulotlarni AQShga boj to’lovlarisiz eksport qilishi mumkin.
2000-yilda qabul qilingan qonun muddati bundan avval ham bir marta uzaytirilgan. Agar yangilanmasa, u 2015-yilda kuchdan qoladi.

AQSh Savdo vakili Maykl Fromen Addis-Abebada o’tayotgan xalqaro savdo forumida afrikalik vazirlar bilan qonunning yangi loyihasini muhokama qilmoqda.

Jurnalistlar bilan uchrashgan Fromen Afrikaning Yevropa bilan olib borayotgan savdo aloqalari haqida ham fikr almashilganini ma’lum qildi.

“Savdoga oid qonunimizning yangilanishi Afrikaning Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy hamkorlik borasida olib borayotgan munosabatlariga salbiy ta’sir qiladi, deb o’ylamayman”, - deydi rasmiy.

Amerika bilan mavjud qonundan farqli o’laroq, yevropaliklar Afrikaga o’zaro imtiyozli savdo shartlarini taklif etmoqda. Ya’ni, Afrika mollari Yevropa bozoriga imtiyozli huquq bilan kirishi uchun Yevropada ishlab chiqarilgan mahsulotlar ham Afrikaga bojsiz kiritilishi lozim.

AQSh qonuni faqat Afrikadan keladigan import mahsulotlariga tegishli, xolos. Unda o’zaro erkin savdo ayriboshlash haqida gap yo’q. Ushbu qonundan Amerika kompaniyalari ham foyda ko’ra olishi uchun Vashington hozir mavjud imkoniyatlarni ko’rib chiqmoqda, deydi Fromen.

“Agar bizning firmalarga hech qanday imtiyoz berilmasa, bozorimizga faqat bir tomonlama yo’l ochadigan bunday bitim AQShda xush qabul qilinmasligi tabiiy”, - deydi AQSh rasmiysi.

Qonun muddatini uzaytirish masalasini Kogress hal qiladi. Uning qancha muddatga yangilanishi hozircha ma’lum emas.

Ushbu qonun imtiyozlaridan foydalana olishi uchun davlatlar qonun ustuvorligini o’rnatishi, inson huquqlari himoyasini ta’minlashi hamda xalqaro mehnat standartlarini tatbiq etishi kerak. Hozircha 39 davlat shunday talablarga javob beradi.

2012-yilda Afrika davlatlari va AQSh o’rtasidagi tovar aylanmasi 67 milliard dollarga yetgan. Ularning aksariyatini AQShga eksport qilingan neft va tabiiy gaz tashkil etadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG