Savdo qonuni bekor qilinsa, Afrika taraqqiyoti sekinlashadi

  • Amerika Ovozi

Afrikada biznes qilishga oid AQSh Davalt departamentida o'tgan forumdan

Afrikada biznes qilishga oid AQSh Davalt departamentida o'tgan forumdan

AQSh Afrikadan keladigan eksport oqimini oshiradigan qonunni qabul qila oladimi? Afrika Taraqqiyoti va imkoniyatlari qonuninining amal qilish muddatini uzaytirish bo’yicha muzokaralar davom etar ekan, AQShlik va afrikalik bir qator siyosatdonlar, iqtisodchilar va ziyolilar ana shu savol ustida bosh qotirmoqda.
Vashingtondagi Brukings instituti ushbu qonunning Afrika-Amerika savdo aloqalariga qanday ta’sir qilishini o’rgandi. Institut e’lon qigan hisobotga ko’ra, qonunning bekor qilinishi Afrika uchun katta yo’qotish bo’ladi.

Tadqiqotchilarning aytishicha, avvalo, AQShga Afrikadan keladigan tovarlar hajmi ikki foizga qisqaradi. Bu bir milliard dollar pul boy beriladi, degani.

Afrikaning go’sht va sut mahsulotlari, teri, yengil sanoat va boshqa ishlab chiqarish sohalari eng ko’p aziyat chekadi. Ayni shu qonunning qabul qilinishi ortidan Afrikada 300 mingdan ortiq yangi ish o’rinlari yaratilgani aytiladi. Agar qonun muhlati bitib, amal qilishdan to’xtasa, mintaqada ishsizlar sonining oshishi ehtimoli katta.

Ishchilar oladigan maoshlar ham qisqarishi mumkin. Ayniqsa, Janubiy Afrikada, Janubiy Afrika davlatlari Boj ittifoqiga a’zo bo’lgan davlatlar, jumladan, Nigeriya va Sharqiy Afrikada malakali mutaxassislar bundan buyon kamroq haq oladi.

Qonunning amal qilish muddatini uzaytirish esa Afrikada savdo va daromad qilish manbalarining rivojlanishda davom etishini ta’minlaydi. Shu qonun asosida Afrika davlatlari uchun boj to’lovlarining bekor qilinishi biznes ahli va ushbu mamlakatlar iqtisodiyoti uchun koni foydadir.

Brukings institutida Afrika Taraqqiyoti tashabbus loyihasining rahbari Mvangi Kimenyining aytishicha, Afrika mamlakatlari qonunning yana uzaytirilishidan umid qilmoqda.

“Bu AQSh va Afrika o’rtasidagi savdo qiymatiga katta o’zgarish olib kiradi. Afrika global bozorda kichik o’yinchi. Ularning Amerika bozoriga erkin kirib kelishiga ruxsat berish AQSh uchun qimmatga tushmaydi. AQSh iqtisodiyotiga ham salbiy ta’siri yo’q”, - deydi u.

Tadqiqotchiga ko’ra, Afrika mollariga bozorni ochish AQSh uchun 10 million dollarga tushadi. Afrikadan keladigan mollar hajmi esa 72 million dollarga oshadi.
Ayrim qonunchilar Afrika aktiga o’zgartirish kiritib, daromadi o’rtacha bo’lgan 14 mamlakatni undan chiqarishni taklif etmoqda. Brukings tadqiqotiga ko’ra, bu ham AQShga Afrikadan keladigan mollar miqdorining kamayishiga olib keladi.

Masalan, Nigeriyaning energiya, qishloq xo’jaligi va oziq-ovqat sanoati bir yilda 500 million dollar mablag’ni boy beradi. Mavrikiy yengil sanoati esa 95 million dollar zarar ko’radi. Janubiy Afrika 260 million dollar yutqazsa, Janubiy Afrika boj ittifoqining boshqa a’zolariga bu 110 million dollarga tushadi.

Ayni paytda ayrim AQSh qonunchilari bu qonunni Afrikadan tashqarida, boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarga ham taqdim etish lozimligi haqida gapirmoqda.
Brukings tadqiqotchilari Yevropa Ittifoqi va boshqa rivojlanayotgan davlatlar o’rtasidagi savdo aloqalarini ham o’rgangan. Ularga ko’ra, Yevropa bilan tuzilgan bunday iqtisodiy hamkorlik bitimlarining rivojlanayotgan mamlakatlar uchun foydasi kam.
Biz bunday savdo bitimlariga qarshimiz, deydi institut xodimi Kimenyi.

“Tadqiqotimiz shuni ko’rsatyaptiki, afrikaliklar Yevropa bilan tuzilgan bitimlardan yutqazadi. Agar AQSh ham Yevropa modeli asosida bitim taklif qilsa, bu Afrika uchun yo’qotish bo’ladi”, - deydi u.

Yevropa Ittifoqi taqdim etgan iqtisodiy hamkorlik tizimi bir iqtisodiy hudud ichida joylashgan mamlakatlar o’rtasida savdo aloqalarini kuchaytirishga xizmat qiladi. Turli iqtisodiy guruhlarga mansub davlatlar o’rtasida emas, deydi Kimenyi. Bu esa mintaqalararo iqtisodiy hamkorlikning rivojlanishiga imkon bermaydi.

Tadqiqotda erkin savdo zonalarini yaratish haqida ham fikr yuritilgan. Misol tariqasida, AQSh va Yevropa Ittifoqi o’rtasidagi erkin savdo bitimi o’zaro savdo ayriboshlashni 124 milliard dollarga ko’paytirishi aytiladi. Agar Afrika davlatlari ham o’zaro shunday bitim tuzsa, mintaqa ichidagi bir yillik tovar aylanmasi 36 milliard dollarga ko’payadi, deydi Brukings tadqiqotchilari. Bu esa mamlakatlar iqtisodiyoti o’sishini ta’minlab, aholi farovonligining oshishiga hissa qo’shadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG